08.12.2023 19:57

“Sizlarni oʻrta ummat qilib qoʻydik”

“Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh boʻlishingiz va Paygʻambarning sizlarga guvoh boʻlishi uchun oʻrta ummat qilib qoʻydik...” (Baqara, 143)
Shuningdek, sizlarni... oʻrta ummat qilib qoʻydik...” oyatining maʻʻnosi, Imom Qurtubiyga koʻra, Kaʻʻba er yuzining oʻrtasi boʻlgani kabi, sizlarni oʻrta ummat qildik. Yaʻʻni, paygʻambarlardan keyin, boshqa butun ummatlardan ustun ummat qildik. 
“Vasat” – “adolatli”, “oʻrtahol”, “moʻʻʻtadil”, “eng yaxshi” demakdir. Abu Said Xudriydan roziyallohu anhu rivoyat qilinishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Alloh taoloning “Shuningdek, sizlarni... oʻrta ummat qilib qoʻydik...” oyati karimasini “Adolatli” deb tafsir qilganlar (Termiziy).
Boshqa bir oyatda: “(Shunda) ularning oʻrtaholrogʻi aytdi...” (Qalam, 28) deb marhamat qilingan. Bu oʻrinda “vasat” soʻzining “oʻrtahol”, “moʻʻʻtadil” maʻʻnosi koʻzda tutilgan.
Oʻrta ummat – ummatlarning yaxshisi demakdir. Zero, “Har bir narsada oʻrta hollik yaxshidir”, degan hikmatli soʻzga hech kim eʻʻtiroz bildirgan emas. Yana bir maʻʻnosi – qiblalaringni er kurrasining oʻrta qismida qilganimdek, oʻzlaringni ham oʻrtahol ummat qildim. Yaʻʻni, yahudiylardek Maryamni zinokorga ham chiqarmaydigan, nasroniylardek Isoni Allohning oʻgʻli deb ilohiylashtirmaydigan oʻrta, adolat maqomida boʻlursizlar. 
“...sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh boʻlishingiz va Paygʻambarning sizlarga guvoh boʻlishi uchun...” mazmunidagi oyati karimadan Qiyomat kuni Mahshar maydonida Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlarining barcha paygʻambarlar foydasiga, ularning qavmiga qarshi guvohlik berishlari tushuniladi. Qiyomat kuni boshqa paygʻambarlarning ummatlari oʻz paygʻambarlarini tan olmasdan: “Bizga Allohni tanitmagan, buyruqlarini etkazmagan”, deb daʻʻvo qilar ekanlar. Shunda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatidan soʻraganida: “Biz guvohlik beramiz, oʻtgan hamma paygʻambarlar Allohning buyruqlarini oʻz ummatlariga mukammal etkazganlar”, der ekanlar. “Sizlar buni qaerdan bilasiz?” deyilganda, ular: “Bizga Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam Qurʻʻon orqali etkazganlar”, deb Rasulullohni sollallohu alayhi va sallam guvoh qilib koʻrsatar ekanlar.
Boshqa bir guruh ilm ahllariga koʻra, oyatning maʻʻnosi bandalarning oʻlimdan keyin bir-birlariga qarshi guvohlik berishlari bilan bogʻliqdir. Chunonchi Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan bunday mazmundagi hadis bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yonlaridan bir mayit olib oʻtildi. Sahobalar marhum haqida yaxshi gaplarni aytishdi. U zot sollallohu alayhi va sallam uch marta: “Vojib boʻldi, vojib boʻldi, vojib boʻldi”, dedilar. Bir ozdan keyin odamlar yana bir mayitni olib oʻtishdi. Bu safar ashobi kirom mayitni yomonlashganida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam yana oldingidek uch marta: “Vojib boʻldi, vojib boʻldi, vojib boʻldi”, dedilar. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu: “Ota-onam Sizga fido boʻlsin, yo Rasululloh! Oldin bir mayit olib oʻtildi, u haqida yaxshi gaplar aytildi, Siz uch marta: “Vojib boʻldi”, dedingiz. Keyin yana bir mayit olib oʻtilib, u haqida yomon gaplar aytilganida ham uch marta “Vojib boʻldi”, dedingiz. (Buning sababi nima?)” deb soʻraganlarida, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday javob berganlar: “Sizlar yaxshi gaplar bilan eslab, maqtagan kishiga jannat vojib boʻldi. Siz yomonlagan kimsaga esa, doʻzax vojib boʻldi. Sizlar Alloh taoloning er yuzidagi guvohlarisiz, sizlar Alloh taoloning er yuzidagi guvohlarisiz, sizlar Alloh taoloning er yuzidagi guvohlarisiz!” (Imom Muslim). Bu hadisni shunga yaqin mazmunda Imom Buxoriy ham rivoyat qilgan. Ushbu hadisning Imom Buxoriy va Muslimda kelmagan rivoyat yoʻllaridan birida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “...sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh boʻlishingiz va Paygʻambarning sizlarga guvoh boʻlishi uchun...”oyatini ham oʻqiganlar (“Navodirul usul”).
Uboda ibn Somit roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Mening ummatimga faqat paygʻambarlarga berilgan uchta narsa berilgan: 
 Alloh taolo bir paygʻambarni yuborganida unga: “Menga duo qil, duoyingni qabul qilayin” degan. Bu ummatga ham: "Menga duo qilinglar, Men sizlarga (duolaringizni) mustajob qilay" (Gʻofir, 60), deb marhamat qildi;
 Alloh taolo bir paygʻambarni yuborganida unga: “Alloh din borasida senga biror qiyinchilik qilmagan” degan. Bu ummatga ham: “...dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi...” (Haj, 78) deb marhamat qildi;
 Alloh taolo bir paygʻambarni yuborganida uni qavmiga qarshi guvoh qilardi. Bu ummatni esa, butun insoniyatga qarshi guvoh qildi” (Hakim Termiziy, “Navodirul usul”).
 “...Paygʻambarning sizlarga guvoh boʻlishi uchun...” oyati karimasi “Qiyomat kunida amallaringizga guvohlik berishi uchun”, “sizlarning foydangizga, yaʻʻni imon keltirib, solih amallar qilganingizni tasdiqlashi uchun” yoki “sizga qarshi – Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini sizga etkazgani haqida guvohlik berishi uchun” kabi maʻʻnolarda sharhlangan.
Ulamolarimiz aytadilar: “Alloh taborak va taolo Kitobida bizlarga adolatli deb sifatladi va butun yaralmishlarga guvoh boʻlishni zimmamizga yuklaganining xabarini berdi hamda vaqt jihatidan eng oxirgi boʻlsak ham, maqom va mavqe jihatidan birinchi oʻringa chiqardi. Chunonchi, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Biz eng soʻnggimiz (ammo) birinchilarmiz”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati)”.

Tafsir kitoblari asosida 
Noʻʻʻmon Abdulmajid tayyorladi.

Mavzuga aloqador