Oʻqish-yozishni umuman bilmaydigan odam gʻaybga oid xabar aytsa, toʻgʻri chiqmasligi aniq. Gʻaybni kelajak va oʻtmishga ajratadigan boʻlsak, kelajakdan darak berishi umuman imkonsiz. Oʻtmishdan gapirishiga kelsak,  aytayotgani hammaga maʻʻlumu mashhur hikoya boʻlmasa, bu ham faqat oʻqish-yozishni bilish va tarixiy asarlarni oʻrganish orqaligina mumkin. Shunday ekan, kelajakdan daraklar etkazayotgan, butunlay savodsiz boʻlishiga qaramay, oʻtmishdan ham xabar berayotgan va aytganlari toʻgʻri chiqayotgan kishini koʻrdingiz, deylik. Bu zotning Allohning paygʻambari va bu xabarlar yozilgan kitobning Allohning Kitobi ekaniga shubha qilish aqldanmi? Yoʻq, aslo! Zero, gʻaybni Alloh taolodan va U Zot oʻrgatgan kishidan boshqasi bilolmaydi.


Qurʻʻon Allohning Kitobi ekaniga doir asarimizning mazkur boʻlimida Qurʻʻonning gʻaybdan bergan xabarlari toʻgʻriligini koʻrsatamiz. U Allohning soʻzi va kalomi ekanini isbotlaymiz. Namoyishimizni Qurʻʻonning Vizantiya qoʻshini gʻalabasidan bergan xabari – Rum surasining oyatlari bilan boshlaymiz.

Rumning zafari

“Alif, Lom, Mim. Rum (qoʻshini Fors qoʻshinidan) magʻlub boʻldi juda yaqin erda. (Lekin) ular (yaʻʻni rumliklar) bu magʻlubiyatlaridan soʻng, (forslar ustidan) albatta, gʻalaba qilurlar bir necha yil ichida. Oldin ham, keyin ham ish Allohnikidir. Oʻsha kunda moʻminlar (rumliklarning gʻalabasidan) shodlanurlar” (Rum surasi, 1–4-oyatlar).

Bu oyati karima ishora qilayotgan dalilimizga toʻxtalaylik. 613–614-yillar orasida butparast forslar nasroniy Vizantiyaning qoʻshinini tor-mor etdi. Makka mushriklari ahli kitob boʻlmish nasroniylarninng magʻlubiyatdan juda quvonishdi va musulmonlarga deyishdiki: “Agar Alloh, siz aytgandek, yagona gʻolib boʻlsa, kitob ahlidan boʻlgan Rumga zafar berar, forslarning ustidan gʻalaba qozondirardi”. Shunda Qurʻʻoni karim moʻʻʻjiza sifatida oʻsha paytda iloji yoʻqdek koʻringan kelajakdagi ishning xabarini berdi: uch bilan toʻqqiz yil orasida Rum Forsni engadi va bundan musulmonlar quvonishadi...

Hazrat Abu Bakr Allohning mana shu vaʻʻdasiga suyangan holda forslarning magʻlubiyatidan sevingan mushriklarga dedi: “Alloh shodligingizni uzoqqa choʻzmaydi. Chunki U Zot bir necha yil ichida rumliklar gʻolib kelishini bildirdi”. Ubay ibn Xalaf bu gapni eshitib, garov oʻynashni taklif qildi. Uch yil muddat belgilab, oʻn tuya ustida garov bogʻlandi. Abu Bakr roziyallohu anhu boʻlgan gapni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytdi. U zot: “Oyatda kelgan “bizʻʻu” soʻzi uch yil emas, uch bilan toʻqqiz yilning orasini ifodalaydi”, deya garov muhlatini ham, tuya sonini ham uch karraga koʻpaytirishni tayinladilar. Bu safar garov uchun toʻqqiz yil belgilandi va yuz tuya tikildi. Darhaqiqat, Termiziyning “Sahih”ida bunday keltiriladi: Badr jangi borayotgan kunlarda rumlar forslar bilan boʻlgan jangda dushmanni magʻlubiyatga uchratishdi. Shu tarzda Qurʻʻonning gʻaybiy xabari tasdigʻini topdi. Hazrat Abu Bakr tuyalarni Ubay ibn Xalafning merosxoʻrlaridan olib, Paygʻambar alayhissalomning tavsiyalariga koʻra, faqirlarga tarqatdi.

Endi Rumning oʻsha paytdagi holatiga yaqindan nazar tashlab, Qurʻʻon etkazgan bu xabarning moʻʻʻjizaviy ekaniga guvoh boʻlaylik. Vizantiya imperiyasining holi shu qadar yomon ediki, forsliklarni engish u yoqda tursin, yashab qolishi ham dargumon edi. Eron vizantiyaliklarni 613 yilda Antokiyada magʻlubiyatga uchratdi, Shom, Kilikiya, Tarsus, Armaniston va Quddusni egalladi. Ayni davrda faqat forslar emas, avarlar, slavyanlar va lombardlar ham Vizantiyaga tahdid solib turardi. Imperator Irakliy lashkarga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun kalisolardagi oltin va kumush bezaklarni eritib, pul qilishni buyurdi. Bu ham kifoya qilmay, bronza haykallar pul ishlab chiqarish uchun eritila boshlandi. Koʻplab hokimlar isyon koʻtargan, imperiya qulash arafasida edi. Forsiylar Vizantiyani butunlay ishgʻol qilgandi.

Xullas, hamma Vizantiyaning parchalanishini kutayotgan bir paytda, oldinroq aytganimizdek, Rum surasining ilk oyatlari tushdi. Vizantiyaning uch bilan toʻqqiz yil orasida yangidan gʻalaba qozonishi haqida xabar berildi. Mazkur zafarga erishish shu qadar mushkul ediki, musulmonlardan boshqa biror kishi ishonmadi. Biroq Qurʻʻondagi barcha bashoratlar singari bu ham amalga oshdi. 622 yilda Irakliy forslarning ustidan koʻplab gʻalabalarni qoʻlga kiritdi va Armanistonni egalladi. 627 yilning dekabr oyida Rum va Eron qoʻshinlari oʻrtasida katta jang boʻlib oʻtdi. Rum dushmanni engdi. Bir necha oy oʻtgach, forsliklar tortib olgan hududlarini Vizantiyaga qaytarib berish haqidagi kelishuvni imzolashga majbur boʻldi.

Shu tarzda Alloh taolo Qurʻʻonda bildirgan “Rumning gʻalabasi”, oyatda kelganidek, “bir necha yil ichida”, yaʻʻni “uch bilan toʻqqiz yil orasida” deya ifodalangan muddatda yuzaga chiqdi.

“Men Allohning paygʻambariman va bu Uning kitobidir”, deyotgan kishini tasavvur qiling. Sarkash qavmining orasida unga ergashgan odamlar juda kam. Eng qizigʻi, oʻsha kishi yuz berishiga ishonish umuman mumkin boʻlmagan masala haqida choʻchimasdan, ikkilanmasdan, jasorat bilan xabar bermoqda. Ustiga-ustak, vaqti va erini ham aniq bildirmoqda. Atrofdagi imonsizlar hayratda. Hatto bu ishning boʻlmasligiga qattiq ishongan ayrimlari moʻminlar bilan garov oʻynashmoqchi. Agar bagshorat toʻgʻri chiqmasa, boyagi kishining paygʻambarlik haqidagi daʻʻvosi puchga chiqadi. Biroq u qatʻʻiy ishonch bilan turibdi.

Endi qarang, mazkur hodisa bir muddatdan keyin sodir boʻlsa, mujda etkazgan kishining hamma qatori emasligiga va keltirgan kitobi Allohning kalomi ekaniga zarracha shubhangiz qolarmidi? Albatta, yoʻq! Chunki gʻaybni faqat Alloh va Alloh oʻrgatgan zotlargina biladi. Bir insonning gʻaybdan xabardorligi imkonsiz boʻlganidek, kelajakdan bashorat berishi ham aqlga toʻgʻri kelmaydi.

Mazkur oyatlardagi yana bir moʻʻʻjiza oʻsha paytda hech kimsaning aniqlashi mumkin boʻlmagan joʻgʻrofiy haqiqatdan xabar berilganidir. Rum surasining 3-oyatida rumliklar erning eng chuqur, eng past joyida magʻlub boʻlishi aytilgan. Arab tilidagi “adnal-ard” iborasi koʻp joylarda “juda yaqin erda” deb tarjima qilingan. Ammo bu ibora arabchadan toʻgʻridan-toʻgʻri emas, koʻchma maʻʻnoda oʻgirilgan boʻlib, uning asl maʻʻnosini anglatmaydi. Arab tilidagi “daniy” soʻzining kuchaytirilgan shakli boʻlmish “adna” “eng past, eng quyi”; “ard” esa “er, er sathi” degan maʻʻnoni bildiradi. Yaʻʻni, “Adnal-ard” iborasi “Erning eng chuqur, past joyi” deganidir. “Juda yaqin joyda” deb tarjima qilinganda mazkur hududning Arabiston erlariga juda yaqinligi nazarda tutiladi.

Bu ifoda Qurʻʻoni karim nozil boʻlgan davrda hech kim bilishi mumkin boʻlmagan muhim geologik dalilga ishora qiladi. Gap shundaki, mutaxassislar Er sharining eng chuqur pastlik nuqtasi Vizantiya 613-614 yillarda Erondan engilgan joy boʻlmish Lut koʻli havzasi ekanligini aniqlashdi. Suriya, Falastin hamda Iordaniyaga qarashli erlar kesishgan mazkur hududda rumliklar va forslar jang qilishgan. Dengiz sathidan 395 metr pastlikda joylashgan Lut koʻli atrofi Er yuzidagi eng past joy hisoblanadi.

Dunyodagi eng past nuqtani ilmiy tadqiqotlarsiz aniqlashning iloji yoʻq. Odam bolasining bu haqiqatni oʻz-oʻzidan bilib olishi ham mumkin emas. Shunday ekan, bir savol tugʻiladi: “Zamonamizning eng ilgʻor texnlogiyalari yordamida isbotlangan haqiqatning bundan 1400 yil oldin Qurʻʻonda aytilganini nima bilan izohlaymiz? Shu holatda ham uni Allohning Kitobi emas, odamzotning soʻzi, deyaveramizmi?” Yoʻq, deyolmaymiz. Chunki bunda haqiqatdan koʻzni yumgan, haqni inkor etgan boʻlamiz.

Qadimgi Misr yozuvlari va Homon

«Firʻʻavn: “Ey odamlar! Men sizlar uchun oʻzimdan boshqa (biror) ilohni bilmasman. Bas, ey Homon! Loyni pishirib, (gʻisht quyib) men uchun bir baland burj (minora) bino qil! Shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini koʻrsam. Men uni yolgʻonchilardan deb oʻylamoqdaman”, dedi» (Qasas surasi, 38-oyat).

Homon ismi, mazkur oyatdagi bilan birga, Qurʻʻoning olti oʻrnida keladi. Qasas surasining 6 va 8-oyatlarida, Ankabut surasining 39-oyatida, Gʻofir surasining 24 va 36-oyatlarida Homon ismi zikr qilinadi va Firʻʻavnning vaziri ekanligi bildiriladi.

Homon kim? Uning Firʻʻavnga aloqasi bormi? Bu haqida tarix kitoblarida nima deyiladi?

Qadimgi Misrda soʻz yozish uchun ierogliflardan foydalanishgan, xettlar, mayalar va atsteklar ham shunday yozuvni qoʻllashgan. Ierogliflar rasm va shartli belgilardan iborat. Rasmlarga tegishli maʻʻno berishga harakat qilingan boʻlishiga qaramay bu yozuv turi juda murakkab.

Rim imperiyasining ishgʻoli asnosida Misr tarixi va tili butunlay oʻzgardi. Nasroniylikni rasmiy din sifatida qabul qilgan Rim oʻzi butparast deb oʻylaydigan Qadimgi Misrning eʻʻtiqodiga qarshi qattiq cheklovlar qoʻydi. Ibodatxonalari vayron qilindi, bitiklari oʻchirildi, ierogliflar taqiqlandi. 300-yillardan soʻng bu yozuv unutildi, er yuzida uni oʻqiy oladigan biror kimsa qolmadi. Oʻn sakkizinchi asrgacha shunday davom etdi. Misr papiruslari va bitiklaridagi yozuvlarda nimalar aks etgani nomaʻʻlumligicha qolaverdi. Holat 1799 yilda Misrni qoʻlga kiritgan frantsuz armiyasidagi askarning handaq qaziyotib, Rozetta toshi deb nomlanadigan bitikni topib olishi bilan oʻzgardi. Topilmani boshqalaridan ajratib turadigan xusususiyati ham ieroglif, ham demotik (ieroglifning qoʻlyozma shakli), ham yunoncha yozilganida edi. Yunonchani oʻqish mumkin boʻlgani uchun, unga asoslanib frantsuz olimi Jan Fransua Shampolʻon ierogliflar mazmunini aniqladi. Shu tarzda Qadimgi Misr va Firʻʻavn haqida koʻplab maʻʻlumotlar oʻrtaga chiqdi. Mavzumizga oid muhim jihati, bitiklarda haqiqatan ham “Homon” ismi borligi ayon boʻldi. Venadagi Hof muzeyida saqlanayotgan eksponatda ham mazkur ism mavjud va u Firʻʻavnning yaqin kishilaridan ekani taʻʻkidlangan. Bu haqida Qadimgi Misr madaniyati va tarixini tadqiq etgan, yozganlari Atlasning shoh asari sifatida qabul qilingan olmon olimi Volter Vrezinski xabar bergan.

Yana bir misrshunos Herman Ranke butun bu bitiklarga asoslanib yozgan “Yangi qirollik kishilari” lugʻatida Homonni “Tosh qazuvchi ishchilarning ustidan nazoratchi” deb ataydi.

Darhaqiqat, Homon, Qurʻʻonda aytilganidek, hazrat Muso davrida Misrda yashagan. Oyatlarda keltirilgani kabi, Firʻʻavnga juda yaqin boʻlib, inshoot ishlarini boshqargan. Firʻʻavnning minora qurishni Homonga buyurgani haqida xabar berguvchi oyat mazkur arxeologik topilmaga gʻoyat uygʻundir.

Paygʻambarimiz alayhissalom savodsiz edilar, na oʻqish va na yozishni bilardilar. Qurʻʻonda esa Qadimgi Misrda yashagan, Firʻʻavnga vazirlik qilgan kishi ismi bilan zikr etilmoqda va  bu 200 yil oldin topilgan tarixiy maʻʻlumotlar bilan bir xil. Moziy sahifalari ham bizga Homon degan odamning Firʻʻavnga zamondoshligini va uning vaziri sifatida qurilish ishlari bilan shugʻullanganini bildirmoqda.

Qurʻʻon nozil qilingan davrda qoʻlga kiritilishi mumkin boʻlmagan bu xabardan moʻʻʻjizaviy tarzda soʻz yuritilishi va mazkur maʻʻlumotning Qadimgi Misr yozuvlarida aks etishini nima deb izohlash mumkin? Buning yagona izohi shuki, Qurʻʻoni karim gʻaybni eng yaxshi bilgan Zot – Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Kitobdir!

 Firʻʻavnning gʻarq boʻlishi

“Sizlar sababli (oʻtib olishlaringiz uchun) dengizni (oʻn ikki yoʻlakka) boʻlib, sizlarni qutqarganimiz, koʻz oʻngingizda Firʻʻavn lashkarini gʻarq qilganimizni ham eslang” (Baqara surasi, 50-oyat);

«Bas, (Biz) ulardan “oʻch oldik” – oyatlarimizni yolgʻonga chiqarganlari va ulardan gʻaflatda boʻlganlari sababli ularni dengizga gʻarq qildik» (Aʻʻrof surasi, 136-oyat);

(Bu) Firʻʻavn zodagonlari va ulardan oldingilarning holatlari kabidirki, (ular) Parvardigorlarining oyatlarini yolgʻonga chiqarishgach, (shu) gunohlari sababli ularni halok etdik va Firʻʻavn zodagonlarini (suvga) gʻarq qildik. Hammasi zolim edilar” (Anfol surasi, 54-oyat);

“Shunda (Firʻʻavn Muso va uning qavmini) u erdan qoʻzgʻatmoqchi boʻlganida, Biz uni (Firʻʻavnni) va u bilan birga boʻlganlarning barchalarini (dengizga) gʻarq qildik” (Isro surasi, 103-oyat);

«Bas, qachonki, ikki jamoa bir-birini (uzoqdan) koʻrgach, Musoning hamrohlari: “Bizlar aniq tutildik”, dedilar. (Muso) aytdi: Yoʻq, men bilan birga Parvardigorim bor. Albatta, U meni (xavfsiz) yoʻlga boshlar. Bas, Biz Musoga: “Asoying bilan dengizni urgin!” deb vahiy yubordik. Bas, (dengiz) boʻlinib, har bir boʻlak (suv balandga koʻtarilib) ulkan togʻ kabi boʻldi. Boshqalarni (Firʻʻavn va uning lashkarini ham) oʻsha (yoʻl)ga yaqinlashtirdik. Muso va u bilan birga boʻlganlarning barchalarini (Firʻʻavn taʻʻqibidan) qutqardik. Soʻngra boshqalarni (dengizga) gʻarq qilib yubordik» (Shuaro surasi, 61–66-oyatlar).

 Qurʻʻoni karim mazkur oyati karimalar orqali Firʻʻavnning oqibati haqida xabar bermoqda. Lashkari bilan birga dengizga gʻarq boʻlganini bildirmoqda. Endi esa boshqa bir oyatga diqqat qarataylik: “Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va qoʻlingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzgʻunchilar, albatta, shubhaga tushgan boʻlur edilar” (Ankabut surasi, 48-oyat). Bu erda ochiq bayon etilganidek, Paygʻambarimiz alayhissalom oʻqish-yozishni bilmasdilar. Shunday boʻlaturib, oʻzlaridan necha asr oldin yashagan Firʻʻavn va uning dengizga gʻarq boʻlgani haqidagi xabarni qaerdan oldilar? Mayli, buni keyinroqqa qoldirib, boshqa savolga oʻtaylik: Firʻʻavn rostan ham choʻkib oʻlganmi? Uning halokatiga doir Qurʻʻoniy maʻʻlumotni tarix ham tasdiqlaydimi?

Buyuk Britaniyadagi Britaniya muzeyida, Firʻʻavn zamonidan qolgan 6-raqamli Misr papirusidagi yozuvda shunday jumlalar bor: “Saroy oq xonasining qoʻriqchisi, kitoblarining raisi Amenamonidan kotib Penterxorga:

Bu maktub qoʻlingizga etib borganida va boshdan-oyoq oʻqilib, gʻarq boʻlishdek qaygʻuli falokatdan xabar topganingizda qalbingizni boʻronda qolgan yaproq misoli shiddatli iztirobga topshiring. Musibat unga toʻsatdan va muqarrar ravishda tushdi. Suvdagi uyqu jonzotni nochor holga soldi.  Boshliqning oʻlimini, qavmlar raisi, sharqu gʻarb qirolining mahv boʻlishini tasvirlang. Sizga yuborgan xabarimni boshqa qaysi xabar bilan qiyoslash mumkin?

Mazkur matnda Misr Firʻʻavnining dengizga gʻarq boʻlgani ochiq aytilmoqda. Yaʻʻni 6-raqamli Misr papirusi Qurʻʻonda kelgan xabarni tasdiqlayapti. Shunday ekan, boshdagi savolimizga qaytamiz: birorta harfni yozmagan, oʻqimagan odam oʻzidan asrlar avval yashab oʻtgan kishining halokatini qaerdan bildi? Agar Qurʻʻonni Allohning Kitobi deb qabul qilmasak, bu soʻrovga qanday javob beramiz? Yoki “tasodif” deya qutulamizmi? Yoʻq, tasodif deyish javob oʻrnini bosmaydi. Mazkur savolning javobi bor va quyidagicha: Qurʻʻoni karim azaldan abadgacha butun zamonlardan xabardor Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Kitobdir. Haq taolo oʻtmishda boʻlgan va kelajakda yuz beradigan hodisalarni Qurʻʻoniy moʻʻʻjiza sifatida oyati karimalarda bildirdi.

Qurʻʻon Allohning Kitobi ekanligini inkor qiladiganlar oyatlarda moʻʻʻjizaviy tarzda keltirilgan Firʻʻavnning gʻarq boʻlishi haqidagi va yana boshqa gʻaybiy xabarlarni nima deb ochiqlashadi? Qurʻʻon Allohning Kitobi deya tan olmaslik haqiqatga koʻz yumish va haqni inkor etishdir. Gʻaybiy xabarlarining toʻgʻriligi Qurʻʻon Allohning Kitobi va kalomi ekanligining tasdigʻidir.

Firʻʻavnning boshiga kelgan balolar

“Firʻʻavn qavmini zora eslatma olsalar, deb (qahatchilik) yillariga va mevalarning taqchilligiga duchor etdik” (Aʻʻrof surasi, 130-oyat);

“Shundan keyin ular ustiga toʻfon, chigirtka, bit, baqalar va qon (balolari)ni aniq moʻʻʻjizalar sifatida yubordik. (Shundan) soʻng (ham ular) kibr qildilar. (Ular oldindan) jinoyatchilar qavmi edi” (Aʻʻrof surasi, 133-oyat).

Qurʻʻonning yuqoridagi va boshqa oyati karimalarida Firʻʻavn hamda uning qavmiga kelgan balolar keltiriladi. Toʻfon, chigirtka, bit, baqa va qon balosi sanab oʻtiladi. Yaʻʻni bunday: sarkashlik qilib, inkordan toʻxtamagan Firʻʻavn qavmiga Haq taolo qattiq jala yubordi. Sakkiz kecha, sakkiz kunduz davom etgan yomgʻir sababli hech kim koʻchaga chiqolmadi, Nil toshib, shiddatli sel uy-joylarni, ekinlar va hayvonlarni oqizib ketdi. Ofat paytida Firʻʻavn aʻʻyonlari hazrat Musoning oldiga kelib: “Rabbingga duo qil, bu baloni boshimizdan aritsin va biz senga ergashaylik”, deyishdi. Muso alayhissalom ularning iltimosini bajardi va duosining barokati ila toʻfon tindi. Lekin qavm baribir imon keltirmadi. Tutgan yoʻlidan bir qadam ham chekinmadi.

Shundan keyin Alloh taolo alomat va moʻʻʻjiza sifatida chigirtka balosini joʻnatdi. Ekinzor va bogʻlarning hosilini eb tugatgan zararkunandalar galasi odamlarning uylari, hatto kiyimlarining ichigacha kirdi. Ojiz qolgan aʻʻyonlar yana Muso alayhissalomning huzuriga chopishdi va oldingi gaplarini takrorlashdi. Hazrat Musoning duolari barokati bilan shamol kelib, chigirtkalarni uchirganicha daryoga uloqtirdi. Biroq qalb koʻzi koʻr boʻlgan Firʻʻavn va qavmi vaʻʻdasida turmadi.

Haq taolo bu safar qavmni bit bilan balolantirdi. Chigirtkalardan qolgan-qutganni egan hasharotlar odamlarning liboslariga kirib, qonlarini soʻrishardi. Aʻʻyonlar uchinchi marta kelib, ofatdan qutulishsa, Muso alayhissalomga imon keltirishlarini aytishdi. Hazrat Musoning duosidan keyin Alloh taolo hasharotlarni daf qildi. Qavm esa imon keltirish u yoqda tursin, Allohning paygʻambariga: “Sen sehrgarsan, bularning hammasini sehring bilan qilyapsan”, deyishgacha bordi.

Bu gal har tarafni baqa bosdi. Najot chorasi hazrat Muso ekanini bilgan saroy ahli iltimosini aytib, endi chindan ham imon keltiramiz, deyishdi. Nabaviy duodan soʻng yoqqan yomgʻir jamiki baqalarni dengizga olib borib tashladi. Qavm imon keltirdimi? Albatta, yoʻq! Shu tarzda qon balosini boshlariga oʻzlari chaqirib olishdi, hamma joydan, hatto ichadigan suvlaridan ham qon chiqib keldi.

Qurʻʻoni karimda bizga ibrat sifatida keltirilgan mazkur hodisalar haqidagi tarix kitoblarining bayonlariga quloq beramiz.

Oʻn toʻqqizinchi asr boshida Oʻrta Qirollik davridan qolgan Ipuver papirusi topiladi. 1909 yilda Niderlandiyaning Leyden muzeyiga olib borilib, ingliz misrshunosi Alan Gardiner tomonidan mazmuniga aniqlik kiritiladi. Mazkur papirusni yozgan Ipuver oʻzi guvoh boʻlgan voqealar haqida bunday deydi: “Falokatlar butun mamlakatni domiga tortdi. Har taraf qon, daryo ham. Kechagina koʻrgan narsalarimning hammasi yakson boʻldi. Erlar boʻm-boʻsh, xuddi haydab tashlangandek... Misrning quyi taraflari yoʻqlikka yuz tutdi. Butun saroy huvillab qoldi. qoʻlimizda hech narsa qolmadi: na bugʻdoy, na arpa, na gʻozlar va na baliqlar, hammasi ketdi...

Toʻqqiz kun davomida saroydan hech kimsa chiqmadi, birortasi u shaxsning yuzini koʻrolmadi.

Shiddatli oqimlar shaharlarni er bilan bitta qildi. Yuqori Misr vayronaga aylandi. Hamma joy qon, oʻlkada yuqumli kasalliklar tarqala boshladi.

Bugun hech kim shimolga, Biblosga bora olmayotir. Moʻmiyolarimiz nima boʻladi? Oltin tugab bormoqdi...

Odamlar suvdan qoʻrqib qolishdi. Suv ichib turib chanqashmoqda. Mana, suvimiz! Mana, tolemiz! Qoʻlimizdan nima kelardi? Hamma narsa xarob boʻldi. Shaharlar quladi. Yuqori Misr quridi. Bir daqiqa ichida yashash joylari xarobalikka yuz tutdi”.

Yigirmanchi asrda oʻqishga muvaffaq boʻlingan bu maʻʻlumotlarni eshitarkansiz, tanish oyatlar esingizga tushdi, shunday emasmi? Buning sababi esa papirusdagi yozuvlarning Qurʻʻondagi oyati karimalarga juda oʻxshashligi, Qurʻʻonda kelgan xabarlarni aynan tasdiqlashidir.

Unda savol bunday boʻladi: Firʻʻavn va qavmiga yuborilgan ofatlar haqida soʻzlayotgan papirusdagi maʻʻlumotlarning oyatlarga muvofiqligini Qurʻʻon Allohning Kitobi ekanligidan boshqa biror narsa bilan izohlash mumkinmi? Oʻqish-yozishni umuman bilmaydigan odamning oʻz-oʻzidan shunday narsalar toʻgʻrisida gapirishi ishonsa boʻladigan ishmi? Aslo! Inson bolasi bularni oʻz aqli bilan kashf etolmaydi. Shunday ekan, Qurʻʻoni karim odamzotning soʻzi boʻlishi mumkin emas. Hech shaksiz azal va abadning Sultoni, oʻtmish va kelajakni xuddi bitta sahifadek koʻrishga qodir Alloh taoloning kalomidir.

Nuh toʻfoni

“Biz Nuhni oʻz qavmiga (paygʻambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) boʻlgan hollarida toʻfon (balosi) tutdi. Soʻngra Biz unga (Nuhga) va kemadagi hamrohlariga (toʻfon balosidan) najot berdik va uni (barcha) olamlarga ibrat qilib qoʻydik” (Ankabut surasi, 14–15-oyatlar).

Yuqoridagi va boshqa suralarda kelgan oyati karimalar bizga er yuzida boʻlib oʻtgan katta toʻfon haqida bildirmoqda. Shu darajadaki, er yuzining juda koʻp qismini qoplagan va maʻʻlum bir tamaddunga barham bergan.

Qiziq, Qurʻʻonda kelgan bu xabar toʻgʻrisida olimlar nima deydi? Haqiqatan ham shunday toʻfon boʻlganini eʻʻtirof qiladimi? Mavzuga oid qarashlari qanday? Quyida mazkur hodisaning mutaxassislar tomonidan qay tarzda isbot qilinganiga toʻxtalamiz.

Bir hazora dafʻʻatan, yaʻʻni tabiiy ofat, tez surʻʻatdagi koʻchish yoki jang natijasida yoʻq boʻlsa, unga doir izlar ancha yaxshi saqlanadi. Chunki bunday holatlarda odamlarning yashagan joylari, kundalik hayotda foydalangan buyumlari qisqa muddatda tuproq ostida qoladi va uzoq vaqt qoʻl tegmasdan saqlanadi. Kun yuziga chiqqanidan soʻng esa oʻtmish haqida muhim maʻʻlumotlar beradi.

Nuh toʻfoni bilan bogʻliq bir qator dalillar ham shunday yuzaga chiqqan. Miloddan taxminan uch ming yil oldin roʻy bergan toʻfon butun hazorani bir lahzada mahv etib, oʻrnini tamoman boshqa tsivilizatsiya egallashiga yoʻl ochgan. Shu tarzda hodisaga tegishli dalillar ibrat olishimiz uchun ming yillar mobaynida saqlanib qolgan.

Mesopotamiya tekisligini qoplagan toʻfonni oʻrganish uchun bir qator qazilma ishlari olib borilgan. Hududdagi Mesopotamiyaning asosiy shahalaridan boʻlgan Ur, Uruk, Kish va Shuruppakda shiddatli toshqindan qolgan alomatlar topilgan. Olib borilgan arxeologik qazishmalar mazkur shaharlarning taxminan miloddan uch yuz ming avval toshqin ostida qolganini koʻrsatadi.

Ingliz arxeologi Leonard Vulli Bagʻdod va Fors koʻrfazi oʻrtasidagi choʻlda Britaniya muzeyi va Pensilʻvaniya universiteti hamkorligida olib borilgan qazishma ishlariga rahbarlik qildi. “Riderz Dayjest” jurnalida Vullining izlanishlari shunday bayon qilinadi: “Qazishma boʻlayotgan hududda chuqurlikka tushib borilgach, juda muhim topilma – Ur qirollarining qabri topildi. Arxeologlar Shumer qirollari va oliynasab kishilar dafn etilgan dahmada afsonaviy sanʻʻat asarlariga duch kelishdi. Nayzalar, qilichlar, musiqa asboblari, oltindan, qimmatbaho toshlardan qilingan osori atiqalar...

Ishchilar loy bosgan gʻishtlar oralab yana bir metrcha pastga tushishdi va topilmalarni chiqara boshlashdi. Keyin esa hammasi birdaniga toʻxtadi. Bundan bu yogʻiga hech narsa yoʻq, faqatgina suv olib kelgan toza loy bor edi, xolos...

Vulli qazishda davom etdi. Ikki yarim metrlik gil qatlamidan oʻtib, pastga tushishdi va ishchilar oʻsha davr kishilari qayroqtoshdan yasagan buyumlar, kosa va qozon parchalarini koʻrishdi. Toza loy ostida esa bir hazora qolib ketgani ayon boʻldi. Bularning hammasi mintaqada suv toshqini maydonga kelganining tasdigʻi edi. Shuningdek, mikroskopik tahlillar qalin gil qatlami qadimgi Shumer tsivilizatsiyasini yoʻq qiladigan darajadagi katta va shiddatli toshqin oqibatida toʻplanganini koʻrsatdi”.

Qazishma ishlari soʻngida ser Vulli shunday xulosa qildi: “Bir vaqtning oʻzida hosil boʻlgan bunday katta loy qatlami oʻta kuchli toshqindan darak beradi. Bu afsonaviy Nuh toʻfonining qoldiqlari boʻlishi mumkin”.

Olmon arxeologi Verner Keller ham mazkur qazishmaning natijasini bunday ifodalaydi: “Mesopotamiyada olib borilgan tadqiqotlarda loy qatlamining ostidan shahar qoldiqlari topilishi bu erda sel boʻlganini isbotladi”.

Endi esa olimlar eʻʻtirof etgan olamshumul toʻfonga oid 1400 yil oldin Qurʻʻon bildirgan xabarlarga nazar tashlaymiz:

«Nuhga vahiy qilindi: “Qavmingdan (hozirgacha) imon keltirganlaridan boshqa hech kim endi imon keltirmas. Bas, ularning qilayotgan ishlari tufayli tashvish chekma! Bizning kuzatuvimiz va vahiymiz (amrimiz) bilan kemani yasagin va zulm qilganlar haqida Menga (asrash toʻgʻrisida) xitob qilmagin! Ular, albatta, gʻarq qilinuvchilardir!”» (Hud surasi, 36–37-oyatlar);

«U (kema) ularni togʻlardek toʻlqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan (Kanʻʻon ismli) oʻgʻlini chaqirib dedi: “Ey oʻgʻilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga boʻlmagin!” U (oʻgʻli) dedi: “Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman”. (Nuh) dedi: “Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yoʻqdir”. (Shu payt) ikkisining oʻrtasini bir toʻlqin toʻsdi va (oʻgʻli) gʻarq qilinganlardan boʻldi. (Soʻngra) aytildi: “Ey Er! Suvingni yutgin! Ey osmon! Oʻzingni tutgin (yogʻishni bas qil!)” Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (togʻi) uzra qoʻndi hamda “Zolimlar qavmiga – halokat!” deyildi» (Hud surasi, 42–44-oyatlar).

Qurʻʻoniy xabar bilan olimlarning xulosalari bu qadar muvofiq kelishi nimani bildiradi? Qurʻʻon Allohning kalomi ekanligini inkor etadiganlar uning 1400 yil oldin mazkur toʻfondan xabar berganini nima bilan izohlashadi? Odam bolasining oʻzidan-oʻzi minglab asrlar oldin boʻlgan toshqin haqida xuddi koʻrib kelgandek gapirib berishi mumkinmi? Boshqa masalalarda olimlarning soʻzini dalil sifatida tan oladigan kimsalar Nuh toʻfoni borasidagi bu qadar ilmiy ochiqlama oldida koʻzlarini yumib, quloqlarini berkitishadimi?

Haqiqat shuki, ilm yana bir bor Qurʻʻonni tasdiqladi va olimlar Qurʻʻonda kelgan maʻʻlumotlarning toʻgʻriligini oʻz xulosalari bilan isbotlashdi.

Bir soʻrov bilan soʻzimizni yakunlaymiz: ummiy boʻlgan bir zot qoʻlidagi kitobga tayanib, asrlar oldin yuz bergan toshqindan koʻrib turgandek darak berdi. Soʻngra bu xabar yuz yillar oʻtib davrining butun tarixchilari, arxeologlari tomonidan tadqiq qilinib, tasdiqlandi. Shunda ham bu inson oʻtmishu kelajakdan xabardor Allohning paygʻambari va qoʻlidagi kitob esa U Zotning farmoni ekanligidan shubhalanishimiz toʻgʻrimi?

Iram shahri

Biror kitob oʻqimagan, hech bir harf yozmagan odam moziyning qorongʻu qatlarida yashirin qolgan tamaddun haqida guvohi boʻlgandek gapirsa va bu xabar u zot yashagan davrdan oʻn toʻrt asr oʻtgach, olimlarning tadqiqotlari natijasida tasdigʻini topsa, nima deb oʻylardingiz? Va quyidagi ehtimollardan qay birini qabul qilgan boʻlardingiz:

1. Bu zot zamon va makonlarni oshib, oʻsha qavmning asriga borgan, soʻngra oʻz davriga qaytib, koʻrganlarini gapirib bergan. Lekin buni sogʻlom aql qabul qilmaydi.

2. Bu zot zamon va makonlarni yaratgan, ilmi bilan har zamonu makonni qamrab olgan Allohning elchisi va paygʻambaridir. Haq taoloning bildirishi bilan biladi va U Zotning xabar berishi bilan bildiradi. Bu maʻʻqul variant, zero, qabul qilish uchun bundan boshqa tanlov yoʻq.

Darhaqiqat, yoʻl ikkita emas, bitta. Bu ham boʻlsa, u zotning qatʻʻiyan Allohning paygʻambari ekaniga ishonishdir.

Endi u zotning paygʻambar va qoʻlidagi farmon Allohning Kitobi ekanligini isbotlaydigan moʻʻʻjizaviy xabarni keltiramiz: “Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, koʻrmadingizmi?! (Ular) baland ustunli Iram (shahridan) boʻlib, (boshqa) yurtlarda uning oʻxshashi yaratilmagan” (Fajr surasi, 6–8-oyatlar).

1990 yilning boshlarida dunyoning nomdor nashrlari juda noyob arxeologik topilma haqida bong urdi. “Afsonaviy arab shahri topildi”, “Ubar – qumlarning Atlantidasi” kabi sarlavhalar bilan maqolalar eʻʻlon qildi. Mazkur topilmaning ahamiyatini oshirgan jihat Qurʻʻonda zikri kelganligi edi. Oʻsha paytgacha Od qavmining afsona ekanligi yoki aslo topilmasligini iddao qilganlar hayratda qolishdi. Qurʻʻonda nomi kelgan bu shaharni topgan kishi tajribasiz arxeolog, arabshunos va hujjatli filʻmlar ijodkori Nikolas Klapp edi. u 1932 yilda ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomasning “Arabia Felix”, yaʻʻni “Baxtiyor Arabiston” kitobini oʻqib qoladi. Bu rimliklarning Arabiston yarimoroli janubida joylashgan, hozirgi kunda Yaman va Ummonni oʻz ichiga olgan hududga bergan nomidir.

Ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomas Od qavmi yashagan Ubar shahri qoldiqlari topilgan Ummonning sohilga yaqin joyiga safar uyushtiradi. Oʻsha asnoda choʻlda yashaydigan badaviylar unga juda eski soʻqmoqni koʻrsatib, qadimiy Ubarga olib borishini aytishadi. Bertram Tomasning yozganlarini oʻrganib chiqqan Klapp kitobda tasvirlangan shaharning mavjudligini isbotlash uchun ikki xil yondashuvdan foydalandi. Birinchi badaviylar aytgan soʻqmoq yoʻlni izlab topdi va NASAga murojaat qilib, sunʻʻiy yoʻldosh orqali hudud tasvirini olib berishni soʻradi. Keyinroq Kaliforniyaning Hantington kutubxonasidagi qadimiy qoʻlyozmalar va xaritalarni tadqiq qilishga kirishdi. Qisqa muddatli qidiruvdan soʻng 200 yilda Misr-Yunon geografi Ptolemey tomonidan chizilgan xaritani topdi. Xaritada mazkur hududda topilgan eski shaharning oʻrni va unga olib boradigan yoʻllar koʻrsatilgandi. Bu orada NASA sunʻʻiy yoʻldosh yordamida olgan fotosuratlarda bevosita koʻz bilan ilgʻash mumkin boʻlmagan, faqatgina yuqoridan bir butun holda koʻrinadigan yoʻl izlari oʻrtaga chiqdi. Fotosuratlardagi va eski xaritadagi yoʻllar bir-biriga muvofiq boʻlib, ular tugagan nuqtadagi katta maydon bir vaqtlar bu erda shahar boʻlganidan darak berardi.

Shu tarzda badaviylarning ogʻzaki hikoyalariga mavzu boʻlgan afsonaviy shaharning oʻrni kashf qilindi. Olib borilgan qazishma ishlarida qumlar orasidan qadim shahar qoldiqlari chiqa boshladi va aynan ular “Qumlar Atlantidasi – Ubar”ning Qurʻʻonda zikri kelgan Od qavmiga tegishliligini isbotlagan asl dalil edi. Ilk duch kelingan ondanoq vayronalarning Iram ustunlari ekanligi ayon boʻldi. Qazishmalarni olib borayotgan guruh aʻʻzosi Doktor Yuris Zarinsning taʻʻkidlashicha, mazkur shaharni boshqa arxeologik topilmalardan ajratib turadigan jihat baland ustunlaridir. Binobarin, u Qurʻʻonda zikri kelgan Od qavmining shahri Iramdir.

“Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, koʻrmadingizmi?! (Ular) baland ustunli Iram (shahridan) boʻlib, (boshqa) yurtlarda uning oʻxshashi yaratilmagan” (Fajr surasi, 6–8-oyatlar).

Makka fathi

Fath surasining 27–28-oyatlarida shunday marhamat qilinadi: “Qasamki, Alloh oʻz paygʻambariga (u koʻrgan) tushni roʻyobga chiqardi, albatta, sizlar (ey moʻminlar!) Masjidul Haromga emin-erkin, boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (yoki) qisqartirgan hollaringizda qoʻrqmasdan kirursiz, inshaalloh. Bas, (Alloh) sizlar bilmagan narsani bilib, undan (Makka fathidan) oldin yaqin bir gʻalabani (Xaybar gʻalabasiga ega) qildi. U oʻz paygʻambari (Muhammad)ni hidoyat va Haq din (Islom) bilan, u (din)ni barcha din(lar)ga gʻolib qilishi uchun yuborgan zotdir. Allohning oʻzi (bunga) etarli guvohdir”.

Paygʻambarimiz alayhissalom Madinada ekanlar, tushlarida moʻminlarning bemalol Masjidul Haromga kirib, Kaʻʻbani tavof qilishayotganini koʻrdilar. Bu xushxabarni ashobga bildirdilar. Chunki muhojir musulmonlar hijrat qilib chiqib kelishganidan beri Makkaga borisholmayotgandi.

Alloh taolo Oʻz huzuridan yordam va qoʻllov sifatida Fath surasining 27-oyatini vahiy qildi va tushlarining toʻgʻri ekanligini, agar Oʻzi xohlasa, moʻminlarning Makkaga kira olishlarini bildirdi.

Haqiqatan ham, bir muddat oʻtib, oldin Hudaybiya sulhi tuzildi, ortidan Makka fath etildi. Moʻminlar xavf-xatarsiz Masjidul Haromga kirib bordilar. Shu tarzda oyatda aytilgan ikki gʻaybiy xabar tasdigʻini topdi. Musulmonlar Makkani fath qilishdi va haq din  Islom barcha dinlar ustidan gʻolib boʻldi.

Lekin bir narsani ham unutmaslik va oyatlarga quyidagicha nuqtai nazar bilan yondoshish kerak. Koʻklamning boshida bahordan xushxabar etkazish oson. Lekin qishning oʻrtasida koʻklamdan bashorat berish mushkul ish. Qurʻʻonda kelgan xabarlar ham qish oʻrtasida navbahorni suyunchilash kabidir.

Zero, mazkur oyatlar tushgan paytda musulmonlar juda ojiz va son jihatidan kamchilik edi. Hijrat qilishga majbur boʻlib, vatanlarini, boru yoʻqlarini tashlab chiqishgandi. Kaʻʻba ziyoratiga kelishgan vaqtda ham Makka mushriklari izn bermagani uchun mahzun holda Madinaga qaytishgandi. Ana shu paytda Qurʻʻon ularning Kaʻʻbaga omonlikda kirishlarini va Islomning boshqa dinlar ustidan gʻolib kelishini bildirdi hamda bu haqiqatga aylandi.

Sabaʻʻ xalqi va buzilgan toʻgʻon

«Sabaʻʻ (aholisi) uchun oʻz maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi – oʻng tomon ham, soʻl tomon ham bogʻ-rogʻ boʻlib, (Biz ularga): “Parvardigoringiz rizqidan bahramand boʻling va Unga shukr qiling! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) magʻfiratli Parvardigordir” (degan edik). Bas, ular (shukrdan) yuz oʻgirgach, Biz ularning ustiga toʻgʻon bilan (toʻsib qoʻyilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bogʻlarini achchiq mevali, yulgʻunzor va siyrak butazor “bogʻlar”ga aylantirib qoʻydik. Kofir boʻlganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan oʻzga kimsaga jazo berarmidik?!» (Sabaʻʻ surasi, 15–17-oyatlar).

Qurʻʻonda Sabaʻʻ xalqi va nonkoʻrligi sababli ularning boshiga kelgan sel balosi haqida soʻz boradi. Bu ofatning qanday yuz bergani haqida batafsil aytiladi. Qurʻʻonda “saylul arim” tarzida ifodalangan falokat, yaʻʻni “arim seli” oʻz nomi bilan uning maydonga kelish shaklini ham bildiradi.

“Arim” soʻzining maʻʻnosi “toʻgʻon” yoki “toʻsiq” demakdir. “Saylul arim” esa toʻgʻonning buzilishi natijasidagi toshqinni anglatadi.

Endi Sabaʻʻ xalqi haqida Qurʻʻonda kelgan xabarning tarixchilar tomonidan qay tarzda tasdiqlanganiga toʻxtalamiz.

Sabaʻʻ jamoasi Janubiy Arabistonda mavjud boʻlgan toʻrt katta hazoraning biri edi. Tarixiy manbalarda bu qavmning fenikaliklar kabi tijorat ishlari bilan shugʻullangani aytiladi. Hukmdorlarining bitiklarida “taʻʻmirlash”, “bagʻishlash”, “barpo qilish” kabi soʻzlar juda koʻp uchraydi. Qavmga oid eng ahamiyatli yodgorliklardan boʻlmish Maʻʻrib toʻgʻoni esa ularning texnologiyada yuksak darajaga etganining namoyonidir. Bu inshootni qurish bilan sabaʻʻliklar sugʻorish borasida juda katta yutuqni qoʻlga kiritishgandi. Unumdor tuproq va savdo yoʻllari uzra oʻrnatilgan nazorat sababidan farovon turmush kechirishardi. Maʻʻribdagi mazkur toʻgʻon orqali sugʻoriladigan maydon toʻqqiz ming olti yuz gektarni tashkil qilar, uning besh ming uch yuz gektari janubdagi, qolgani esa shimoldagi vodiylarga toʻgʻri kelardi. Ular Sabaʻʻ yozuvlarida “Maʻʻrib va ikki vodiy” deb atalgan. Qurʻʻondagi “oʻng tomon ham, soʻl tomon ham bogʻ-rogʻ” ifodasi ana shu vodiylardagi koʻrkam bogʻu bogʻchalarga ishora boʻlishi mumkin. Ushbu toʻgʻon soyasida mintaqa Yamandagi eng yaxshi sugʻoriladigan va eng sermahsul kesim sifatida nom chiqargan.

Frantsuz tarixchisi Xolevi va avstriyalik arxeolog Glazer Maʻʻrib toʻgʻoni juda qadim zamonlardan beri mavjud boʻlganini yozma hujjatlar orqali isbotlashdi. Himer lahjasida yozilgan hujjatlarda oʻlka tuproqlarining hosildorligi sababi mana shu toʻgʻon ekanligi taʻʻkidlangan. Uning buzilishi bilan yuzaga kelgan sel esa har tarafni vayron qildi. Sabaʻʻliklarning togʻlar oʻrtasini toʻsish uchun qurgan devori, qazigan kanallari yakson boʻldi, sugʻorish tizimi ishdan chiqdi. Natijada yashnab turgan bogʻ misoli yurt yovvoyi oʻtlarga makon boʻldi, butasimon daraxtlardagi olchaga oʻxshash mevadan boshqa biror meva qolmadi.

Yana qavmga tegishli ustunlar sirtida Sabaʻʻ tilida yozilgan bitiklar ham bor edi. Ularni oʻrganib chiqqan nasroniy arxeolog Verner Keller “Muqaddas kitob haq edi” nomli kitobida bunday deydi: “Arim seli Qurʻʻonda aytilganidek yuz bergan. Zero, bunday toʻgʻonning mavjud boʻlgani va buzilib, butun shaharni xarob qilgani hodisasi Qurʻʻondagi bogʻ egalariga oid misol haqiqat ekanligini tasdiqlaydi”.

Shu oʻrinda diqqatingizni quyidagi nuqtalarga qaratmoqchimiz:

1. Qurʻʻon oʻtmishda Sabaʻʻ xalqi yashaganini bayon etdi, tarixchilar qabul qilishdi;

2. Qurʻʻon Sabaʻʻ xalqining koʻkalamzorlar, bogʻu rogʻlar ichra hayot kechirganini zikr qildi, tarixchi olimlar tasdiqlashdi;

3. Qurʻʻon mazkur shaharda yirik toʻgʻon boʻlganini keltirdi, tarixchilar qabul qilishdi;

4. Qurʻʻon bu toʻgʻon ikki bogʻni sugʻorganini aytdi, tarixchilar “Maʻʻrib va ikki vodiy” deya buni ham eʻʻtirof etishdi;

5. Qurʻʻon toʻgʻon buzilishi natijasida maydonga kelgan sel balosini zikr etdi, tarixchilar inkor qilishmadi;

6. Qurʻʻon seldan keyin bogʻu gulzorlar xarob boʻlganidan xabar berdi, tarixchilar qabul qilishdi.

Bu eʻʻtiroflar shuni anglatadiki, tarixchilar yuqoridagi ilmiy haqiqatlarni qabul qilish bilan Qurʻʻon Allohning Kitobi ekanini tasdiqlashdi. Zero, savodi boʻlmagan kishining oʻz-oʻzidan bularni kashf qilishi va xabar berishi imkonsiz ish.

Savolimiz shuki, Qurʻʻon odamning soʻzi, deganlar uning moziydan etkazgan bu xabarlari haqiqat ekanligini nima bilan izohlashadi? Ayni xususiyati bilan “Men – Allohning Kitobiman” deya sado berayotgan Qurʻʻonning gulduragan ovozini oʻzlarining chivin vizillashidek saslari bilan bostira olishlari mumkinmi?

Abu Lahabning kofir holida oʻlishi

“Abu Lahabning qoʻllari qurisin (halok boʻlsin)! Halok boʻldi ham. Mol-mulki va topgan-tutgani (boyliklari) unga asqotmadi. Yaqinda (u) alangali olovda kuyajak. Shuningdek, oʻtin tashuvchi xotini ham. Boʻynida puxta eshilgan arqoni ham boʻlur” (Masad surasi, 1–5-oyatlar).

Asl ismi Abduluzzo boʻlgan bu kimsaga Qurʻʻoni karim “Alangali olovning otasi” maʻʻnosidagi “Abu Lahab” ismini berdi. Xotini Ummu Jamil har kecha tikanli shoxlarni toʻplab, dastalar, boʻyniga ortgancha Paygʻambar alayhissalomning oyoqlariga botsin, ozor cheksin deya u zot yuradigan yoʻllarga sochib chiqardi.

Bu ikkovining musulmonlarga etkazgan ranju zulmlari haqida koʻp yozilgan. Shu sababli biz quyida mazkur suradagi gʻoyibdan berilgan xabar va uning toʻgʻri chiqqani haqida gaplashamiz.

Masad surasi Abu Lahab va xotinining mushrikligicha oʻlishini bayon etdi va shunday boʻldi ham. Bu esa gʻaybdan xabar berishdir. Oddiy odam gʻaybni, kelajakni bilmaydi, kimlarningdir oqibatini ham belgilolmaydi. Modom shunday ekan, kelajakdan xabar etkazgan Qurʻʻon Allohning kalomidir.

Endi mazkur dalilga biroz chuqurroq toʻxtalamiz. Qurʻʻoni karim Abu Lahab va xotini imonsiz oʻlishini hamda jahannamga tushishini bildirdi. Qurʻʻon Allohning kitobi ekanini tan olmaydigan inkorchi kimsa bu savollarga qanday javob beradi:

1. Abu Lahab Masad surasi tushganidan etti yil oʻtgach, vafot topdi. Yaʻʻni mazkur suraning oyatlari Abu Lahab oʻlim toʻshagida yotganida nozil qilinmadi. Bilʻʻaks, uning etti yildan keyingi oqibatini bayon etdi. Agar Qurʻʻon Allohning kitobi boʻlmasa, oddiy odam Abu Lahabning kofir holida oʻlishini  qaerdan bilgan?

2. Boshida Islomga dushmanlik qilgan odamlar keyinchalik bitta-bitta musulmon boʻlishdi va Paygʻambar alayhissalomga bayʻʻat berishdi. Ularning orasida moʻminlar bilan urushgan Xolid ibn Valid, Abu Sufyon, Amr ibn Os kabi zotlar, hazrat Hamzani oʻldirgan hazrat Vahshiy va hazrat Hamzaning yuragini sugʻurgan hazrat Hind ham bor edi. Hammalari tavba qilishdi va “hazrat”, “sahoba” maqomi bilan eslanadigan insonlar orasidan joy olishdi. Abu Lahab va Ummu Jamilning qoʻlida ham tabiiy ravishda shunday imkon yoʻq emasdi. Biroq Qurʻʻon tili bilan er-xotinning kofirlikda oʻlishi eʻʻlon qilindi. Qiziq, hazrat Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning paygʻambari va Qurʻʻon Allohning Kitobi boʻlmasa, Abu Lahab va xotinining xunuk yakunini qaerdan bildilar?

3. Oqil kishi oʻzini yolgʻonchiga chiqaradigan masala yuzasidan daʻʻvo qilib chiqmaydi. Mavzu gʻaybga oid boʻlsa, ogʻiz ham ochmaydi. Bir oʻylab koʻring, Qurʻʻoni karim: “Abu Lahab va xotini imonsiz ketadi”, demoqda. Agar bu ikkisidan bittasi: “Men tavba qildim, musulmon boʻldim”, desaydi, Qurʻʻonning xabari yolgʻonga chiqardi. Hatto munofiqlik bilan “imon keltirdik”, deb qoʻyishsa ham, Qurʻʻonning va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning durustliklari zadalanardi. Yaʻʻni Qurʻʻon “kofirligicha oʻladi”, deb turgan joyda ular musulmonligini daʻʻvo qilsa, Qurʻʻonning bu xabarini qanday izohlardingiz? Shunday jiddiy holatda Qurʻʻon Abu Lahab va xotini kufrda oʻladi dedi va bu xabar etti yil oʻtib haqiqatga aylandi. Agar Qurʻʻon Allohning kalomi emas, odamzot toʻqib chiqargan kitob boʻlganida, oʻsha odam yolgʻoni ochilib qolishini bilaturib, shunday daʻʻvo bilan chiqarmidi? Albatta yoʻq! shunday ekan, bu xabarni va uning tasdigʻini Qurʻʻon Allohning Kitobi ekanligidan boshqa nima bilan izohlaysiz?

Qurʻʻon “kofirligicha oʻladi” dedi va etti yilda bu amalga oshdi. Ashaddiy dushmanligiga qaramay, shunchaki boʻlsa ham, “imon keltirdim”, deya olmayapti. Yolgʻondan boʻlsa ham imon soʻzini talaffuz qilolmayapti. Buni bilish faqat va faqat zamondan munazzahlik, butun zamonu makonlardan bir vaqtda xabardorlikdan kelib chiqadiki, bu sifat ham Alloh taolodan boshqasiga xos emas.

Oyatlarda Abu Lahab va xotinining mushrik holida oʻlishi aytilgani va bu ishning sodir boʻlishini dalil sifatida keltirib aytamizki, Qurʻʻon gʻayblarni eng yaxshi bilgan Allohning kalomidir.

 Rasulullohning Alloh himoyasida boʻlishlari

Paygʻabarimiz alayhissalomning Alloh muhofazasida ekanlari Moida surasining 67-oyatida bunday bayon qilinadi: “Alloh Sizni odamlar (zarari)dan saqlagay”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu oyati karima tushmasidan oldin Madinaga hijrat qilganlar. Yahudiylar u zotga: “Ey Muhammad, biz koʻpchilikmiz, qurollarimiz ham koʻp, agar daʻʻvongdan va diningdan voz kechmasang, seni oʻldiramiz”, deyishgandi. Shundan keyin ansordan va muhojirdan yuz kishi Paygʻambar alayhissalomni qoʻriqlaydigan boʻlishdi. Yahudiylarning suiqasdidan xavfsirab, tunlari koʻz-quloq boʻlib tong ottirishar, qaerga borsalar, yonlarida yurishardi. Yuqoridagi oyat tushganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey odamlar, boradigan joylaringizga boring, endi meni qoʻriqlab oʻtirmang, shubhasizki, Alloh meni insonlardan muhofaza qiladi”, dedilar.

Alloh taoloning vaʻʻdasidan soʻng Paygʻambarimiz alayhissalom qorongʻu tushgan paytlarda, yarim tunda ham Madina vodiylarida tanho kezardilar. Jonlariga qasd qilish niyatida boʻlganlar maqsadlarini amalga oshirisholmasdi.

Yaʻʻni Qurʻʻon kelajakdan bergan bu xabar ham toʻgʻri chiqqan, dushmanlari qanchalik xohlashmasin, Paygʻambarimiz alayhissalomga daxl qilisholmagan.

Qurʻʻonning muhofaza qilinishi

Biror kimsa Qurʻʻonning hatto bitta harfini ham oʻzgartirolmaydi. “Albatta, bu zikrni (yaʻʻni Qurʻʻonni) Biz Oʻzimiz nozil qildik va uni Oʻzimiz asraguvchidirmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).

Bir kishi oʻta ojiz, yolgʻiz holida, unga dushmanlik kayfiyatidagi sarkash qavm oldiga chiqib: “Qoʻlimdagi bu farmonning birorta harfini na siz va na sizdan keyingilar oʻzgartira oladi”, demoqda. Qavmning esa eng katta orzusi va istagi oʻsha farmonni yoʻq qilish, hech boʻlmasa, oʻzgartirish. Qiziq, bu rejalari va urinishlarining natijasiz qolishi u zotning qoʻlidagi farmon Allohning kitobi ekaniga dalil sifatida etarli emasmi?

Ha, Alloh taolo: “Albatta, bu zikrni (yaʻʻni Qurʻʻonni) Biz Oʻzimiz nozil qildik va uni Oʻzimiz asraguvchidirmiz” oyati bilan Qurʻʻonni asrashini, unga biror kimsa daxl qilolmasligini, biror jumlasi, soʻzi u yoqda tursin, harfini ham oʻzgartirolmasligiga vaʻʻda berdi. Qurʻʻon nozil qilinganidan beri oʻn toʻrt asr oʻtganiga va muborak Kalomning dushmanlari koʻp boʻlishiga qaramay, hech kim hech narsa qilolmadi, oʻzgartirish kiritolmadi. Boshqa samoviy kitoblar boʻlmish Injil va Tavrotga tahrirlar kiritgan aqllar hamda qoʻllar Qurʻʻonga etib borolmadi. Kelajakka oid boshqa gʻaybiy xabarlar singari “Qurʻʻonning oʻzgartirilmasligi”ga doir mazkur xabarning ham toʻgʻri chiqishi dalil boʻladiki, Qurʻʻon Allohning soʻzi va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning paygʻambaridir.

Mavzuga aloqador