04.09.2024 17:54

Istibroning tibbiy foydalari

Islom dini istibro qilishni buyuradi. Istibro - peshob chiqargandan soʻng qolib ketgan siydik tomchilaridan toʻliq xalos boʻlish deganidir. Nima uchun buyurilishini bilamiz. Pok boʻlish uchun. Tibbiy jihatdan buning foydalari ham keyinchalik ochildi.

Peshobdan keyingi qoldiq siydik yoʻllari infektsiyasiga olib kelishi koʻplab tadqiqotlarda isbotlandi. Jumladan, 2015 yilda Diagnostic Microbiology and Infectious Disease jurnalida eʻʻlon qilingan tadqiqotda bu holat ilmiy isbotini topadi. Peshobdan keyingi qoldiq qanchalik koʻp boʻlsa, uning asorati - bakterial infektsiyasi oʻta murakkab boʻladi. Bunda bakteriyalarning rivojlanishi yuqori boʻladi.

Amerika urologlari assotsiatsiyasi ilmiy jurnali The Journal of Urology'dagi tadqiqotga koʻra, peshobdan toʻliq qutulmaydiganlarda siydik yoʻllari infektsiyasi kuchliroq boʻlishi kuzatilgan. Shunga oʻxshash tadqiqotlar boshqa jurnallarda ham eʻʻlon qilingan.

Siydik yoʻllari infektsiyasini Escherichia coli (E. coli), Staphylococcus saprophyticus, Proteus mirabilis, Enterococcus faecalis, Pseudomonas aeruginosa bakteriya turlari chaqiradi. Shuningdek, Enterobacter va Klebsiella avlodiga mansub bakteriya turlari ham aniqlangan. Xalq tilida bu bakteriya turlari va ayrim viruslar umumiy nom bilan oʻlat ham deyiladi.

Siydik yoʻllari infektsiyasining 70-90% ulushi E. coli bakteriyasiga toʻgʻri keladi. Ushbu bakteriya 1895 yilda kashf etilgan, 1919 yilda toʻliqroq tavsiflangan. E. coli bakteriyasi hozirgacha mikrobiologiyada asosiy model tur sifatida qoʻllaniladi. Men ham bu bakteriya shtammlari bilan ishlaganman va tadqiqotlarimni eʻʻlon qilganman.

Xulosa oʻrnida...

Demak, eʻʻtiborli boʻlishimiz kerak ekan. Zohirdagi oʻlatni davolash mumkindir, botindagisi qiyin masala. Aksar hollarda, odamning ichidagi oʻlat odam bilan birga qabrga kiradi.

Baxtiyor Abdugʻafur, biolog olim, yozuvchi

Mavzuga aloqador