08.04.2024 16:20

Ehtimol, bu oxirgi ramazondir…

Ramazon… Rasululloh (s.a.v.), ashobi kirom oʻn bir oy mobaynida intizorlik bilan kutgan qutlugʻ mavsum. Solih salaflar: “Allohim, bizlarni ramazonga etkaz”, deya yoʻllariga koʻz tutgan muborak kunlar. Gunohlarning kechirilishiga umid uygʻotgan rahmat-magʻfirat oyi…

Biz uni qanday kutib, qanday kuzatyapmiz? Eʻʻtibor qilsak, Rasululloh (s.a.v.), ashobi kiromning “ramazonlari” va bizning “ramazonimiz” oʻrtasida osmonu ercha (balki undan ham katta) farq bor.

Ramazon oyi kirishidan bir necha kun avval bozorga, katta savdo doʻkonlariga borsangiz, odamlarning turli-tuman oziq-ovqat va ichimliklar sotib olayotganlariga guvohi boʻlasiz. Goʻyo taqvo oyiga emas, ocharchilikka tayyorgarlik koʻrishmoqda. Ajab, ular dunyoda millionlab och-yalangʻoch musulmonlar borligi haqida oʻylasharmikan?!

Bugun koʻpchiligimiz roʻzaning haqiqatini anglab etmaganimiz bor gap. Roʻzadan maqsad, sahardan to shomgacha emoq-ichmoq va jimoʻʻdan saqlanishgina emas. Axir, shom azonini eshitgach, “chanqoq ketdi, tomirlarga suv yugurdi va inshaalloh, ajr sobit boʻldi” deya duo qilib, orqasidan sigaret tutatgan roʻzadorning roʻzasida nima maʻʻno bor?! Kunduzi bilan roʻza tutib, namoz oʻqib, sadaqa berib, Qurʻʻon oʻqib hasanotlar jamlagan, keyin esa tuni bilan shahvatlarga qul boʻlgancha televizor tomosha qilib, internet sahifalarining eng rasvolarini varaqlagan odamning qilmishlarida taqvo nima qilsin?!

Vaholanki, ramazon sobiqiyn-haqiqiy musobaqachilar maydoni, sodiqlar oʻljasi va moʻminlar xushnudligi. Ramazonning kecha-kunduzlari Zamon boshi uzra tojdir. Shunday ekan, uning kechalarini bedor oʻtkazadigan, roʻza odoblariga amal qiladigan, gʻaflatidan uygʻongan, bugunidan ertasiga zaxira olgan bandaga jannat boʻlsin! Zotan, ramazonga etish – neʻʻmatlarning eng ulugʻi. Oʻlim qanchalab insonlarni oʻz domiga tortdi. Bir kun boʻlsa ham roʻza tutsam, bir kecha boʻlsa-da ibodat qilsam deb qon yigʻlagan, yuraklari ezilgan xastalar bilan qancha-qancha karavotlar toʻlib-toshdi. Va lekin “…ular bilan istaydigan narsalari (imon) oʻrtasi toʻsib qoʻyildi…” (Sabaʻʻ, 54).

Ehtimol bu men uchun, siz uchun OXIRGI RAMAZONDIR!

Unda imonimizni yangilaylik, gunohlarimizni yuvaylik. Duo qilaylikki: “Ey Allohim, bizlarni yillar davomida ramazonga etkaz va bizlarni doʻzaxdan ozod boʻlgan qullaring qatorida qil!”

Mavzuga aloqador