29.11.2024 11:38

Volkswagen Shinjon-Uygʻur avtonom tumanidagi zavodini yopdi




Uygʻur musulmon ozchiligini majburiy mehnatga jalb qilishda ayblanayotgan Germaniyaning Volkswagen avtomobilʻ ishlab chiqaruvchisi Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi (Sharqiy Turkiston) zavodini sotishni yakunladi. Bu haqda Bild xabar bermoqda.

Sharqiy Turkiston BMT va huquq himoyachilarining fikricha, inson huquqlari buzilayotgan, jumladan, majburiy mehnatdan foydalaniladigan “qayta tarbiyalash lagerlari”ga aylantirilgan hududdir.

2012 yilda Volkswagen xitoylik hamkori SAIC bilan mintaqadagi birinchi avtomobilʻ zavodini ochgan edi. 170 million evrolik loyiha uzoq vaqtdan beri xalqaro hamjamiyat nazorati ostida qolmoqda.

Volkswagen rahbariyatining zavodda inson huquqlari buzilishi qayd etilmagani haqidagi bayonotlariga qaramay, kompaniyaga bosim kuchaygan. Sentyabrʻ oyida turli mamlakatlardan kelgan 50 dan ortiq parlamentariy kontsernni mintaqadagi faoliyatini toʻxtatishga chaqirgan.

Xitoyda Volkswagen avtomobillari savdosi 2024 yilning birinchi toʻqqiz oyida 12 foizga tushib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oʻz oʻrnini boy berdi. Tanqidlar va daromadning kamayishi kontsernni Sharqiy Turkistondagi zavodni sotishga majbur qildi.

Biroq, Volkswagen bosh direktori Tomas Sheferning aytishicha, kompaniya Xitoy bozori ishtirokchisi sifatida qolishda davom etadi. 

Ushbu voqealar fonida kontsern Evropada ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Volkswagen Germaniyadagi uchta zavodni yopish, xarajatlarni qisqartirish va ayrim funktsiyalarni chet elda autsorsing qilish rejalarini eʻʻlon qildi.

Mavzuga aloqador