28.12.2023 19:32

Turkiyaning ANKA III insonsiz harbiy samolyoti ilk parvozini muvaffaqiyatli yakunladi

Insonsiz harbiy samolyot havoda 1 soatu 10 daqiqa parvoz qildi

Turkiyaning Aerokosmik kompaniyasi (TUSAŞ) yangi avlod ANKA III insonsiz harbiy samolyoti payshanba kuni ilk parvozini muvaffaqiyatli yakunlaganini eʻʻlon qildi.

“U oʻzining ilgʻor texnologiyasi, dizayni va xususiyatlari bilan mamlakatimiz mudofaasiga katta hissa qoʻshadi degan umiddaman”, — deb yozdi Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdogʻan X ijtimoiy tarmogʻida (sobiq “Tvitter”).

ANKA III havoda 1 soatu 10 daqiqa parvoz qildi. 8 ming fut (2438 m) balandlikka koʻtarilgan insonsiz harbiy samolyot 150 uzel (277 km/soat) tezlikka erishgan. Parvoz davomida unga TUSAŞ tomonidan ishlab chiqilgan HÜRKUŞ asosiy oʻquv samolyoti va ANKA uchuvchisiz uchish apparati hamrohlik qilgan.

Maʻʻlumotlarga koʻra, ANKA III Şimşek-3 raketasi bilan jihozlanishi mumkin. Zarurat tugʻilsa, raketaga ogʻirligi 35 kg gacha boʻlgan jangovar kallaklar oʻrnatilishi mumkin. 1200 kg gacha yuk koʻtarish qobiliyatiga ega dron 40 ming fut (12 km) balandlikka chiqish, 10 soat uzluksiz parvoz qilishi mumkin. U taxminan 0,8-0,9 max (soniyasiga 272-360 metr) tezlikda ucha oladi. Raketa uzoq istiqbolda 11 xil missiyani bajaradi.

Ular qatorida radioelektron urush, elektron yordam va elektron hujum kabi missiyalar kiradi. Bundan tashqari, raketa kamikadze droniga aylana oladi. 

Mavzuga aloqador