06.05.2024 15:30

Turkiyada muzeyga aylantirilgan yana bir masjid namozxonlar uchun ochildi


Istanbulda 79 yil muqaddam muzeyga aylantirilgan sobiq Kariya masjidi 4 yillik taʻʻmirlash-tiklash ishlaridan soʻng masjid sifatida faoliyatini qaytadan boshladi. U xuddi Ayasofya masjidi singari sayyohlar va namozxonlar uchun alohida kirishga ega boʻladi.
Oradan 79 yil oʻtib, Turkiyaning Istanbul shahridagi Kariya masjidi (sobiq Xora nasroniy monastiri) 4 yil davom etgan taʻʻmirlash-tiklash ishlaridan soʻng namozxonlar uchun oʻz eshiklarini ochdi. Bu haqda Yeni Şafak nashri xabar bermoqda. 
Maʻʻlum boʻlishicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon tomonidan ibodat uchun ochiladigan masjid Ayasofya masjidi (sobiq Muqaddas Sofiya sobori) namunasida ishlaydi. Masjidning devor va shiftlardagi rasmlar bekitilgan. Shuningdek, sayyohlar gid bilan tashrif buyuradigan hududlar ham belgilangani xabar qilindi. Bundan tashqari, koʻplab tillarda masjid tarixi haqidagi maʻʻlumotlar berilgan.
Kariya masjidi Vizantiya imperiyasi davrida XI asrda nasroniy ibodatxonasi sifatida barpo etilgan. Usmonli imperiyasi davrida XVI asrda masjidga aylantirilgan. Turkiya Respublikasi tashkil etilganidan soʻng esa muzey sifatida faoliyatini davom ettirgan.
Obʻʻekt 1985 yilda YuNESKO madaniya merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Mavzuga aloqador