14.06.2024 09:00
Turk razvedkasi "Mossad" josuslik tarmogʻini fosh qildi
Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) Evropada kuzatuv ishlarini olib borgan Isroil tashqi razvedka xizmati (Mossad) agentlarini fosh qildi. Bu haqda "Sabah" nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, josuslar aprelʻ oyida Istanbulda qoʻlga olingan.
Nashr ushbu ish yuzasidan olib borilayotgan tergov tafsilotlarini qoʻlga kiritgan. Qayd etilishicha, josuslik guruhida 9 kishi boʻlgan va ulardan 8 nafari 2023 yilda fosh etilgan. "Mossad" aʻʻzolarining olti nafari maxfiy hukumat maʻʻlumotlarini qoʻlga kiritish, shuningdek, siyosiy-harbiy josuslikda ayblanyapti. Ayni paytda guruh aʻʻzolaridan biri – asli livanlik shaxs qidirilmoqda.
Nashrning yozishicha, josuslik tarmogʻi rahbari sugʻurta kompaniyasi egasi Ahmed Ersin Tumlujali boʻlgan. "Mossad" tomonidan joʻnatilgan topshiriqlarni bajarishda unga oila aʻʻzolari ham koʻmaklashgan. Ular Germaniya, Turkiya, Gruziya va Livanda sionistlarni qiziqtirgan shaxslarni kuzatgan va suratga olgan. Shuningdek, Tumlujali Evropaning turli davlatlariga borib, "Mossad" koordinatorlari bilan uchrashib turgan. Tergov paytida u “josuslik faoliyati” uchun 300 ming evrogacha haq olishini maʻʻlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Isroilning mashhur "Temir gumbaz"ini "koʻr" qilib, HAMAS raketalari qarshisida ojizga aylantirgan falastinlik hakerni oʻgʻirlamoqchi boʻlgan ikki nafar yahudiy agenti Istanbulda qoʻlga tushgandi.