Toshkentda havo iflosligidan yiliga 3000 dan ortiq kishi bevaqt olamdan oʻtmoqda — Jahon banki
Jahon banki Toshkentda havodagi mayda zarrali changlar taʻʻsirida yiliga 3042 kishi bevaqt vafot etayotgani, aholi salomatligiga etkazilayotgan zarar esa 488,4 mln dollarga baholanayotganini maʻʻlum qildi. Oʻzbekiston poytaxti aholisining 83 foizi havosi yuqori darajada ifloslangan hududlarda yashamoqda.
Jahon
banki «Toshkent shahrida havo sifatini baholash va Oʻzbekistonda havo sifatini
boshqarishni takomillashtirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni taqdim etdi, deya xabar bermoqda
Gazeta.uz. Hujjatda poytaxtdagi havo holati tahlil qilingan va havo sifatini
boshqarish mexanizmini milliy darajada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Hisobotda
taʻʻkidlanishicha, Toshkent havosini asosiy ifloslantiruvchilardan biri diametri 2,5
mikron (PM2,5) boʻlgan qattiq mayda dispers zarrachalardir. Jahon sogʻliqni
saqlash tashkiloti (JSST) ularni aholi salomatligi uchun eng xavfli
ifloslantiruvchilardan biri deb hisoblaydi. Global monitoring bilan shugʻullanuvchi
IQAir portali maʻʻlumotlariga koʻra, Toshkent Markaziy Osiyoning boshqa koʻplab
shaharlari singari muntazam ravishda havoning ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan
shaharlar roʻyxatiga kiritilgan.
Oʻzbekiston hukumati, shuningdek, havo sifatini boshqarish
jarayoni mahalliy, milliy va mintaqaviy darajada birgalikdagi, kompleks va
tarmoqlararo saʻʻy-harakatlarni talab qiladigan jiddiy muammo ekanligini tan
oladi.
2024 yil
may oyida Sogʻliqni saqlash vazirligi turar joylardagi atmosfera havosi sifati
uchun JSST tavsiyalariga mos keladigan yangi PM2,5 standartini qabul qildi. Bu
havo ifloslanishi bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi,
deyiladi hujjatda.
Asosiy ifloslantiruvchi moddalar
Jahon banki maʻʻlumotlariga koʻra, Toshkent shahrida PM2,5
zarrachalarining kontsentratsiyasi, ayniqsa, qish oylarida yuqori boʻlib, xalqaro
meʻʻyorlardan ancha yuqori. Poytaxtda ifloslanishning oʻrtacha yillik darajasi JSST
tavsiya etgan darajadan (6 mkg/m3) 6 baravar yuqori. Bu esa aholi salomatligiga
ham, shahar iqtisodiyotiga ham jiddiy zarar etkazmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra,
havo ifloslanishining zarari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,7 foizini tashkil
etishi mumkin.
Toshkentdagi PM2,5 havo ifloslanishining asosiy manbalari — bu
isitish sektori (28%), transport (16%) va sanoat (13%). Toshkent shahridagi
antropogen PM2,5 tashlamalarining umumiy yillik hajmining 18 foizini qurilish
ishlari natijasida hosil boʻlgan shahar changi va yoʻl changi resuspenziyasi (ilgari
yoʻl yuzasida oʻrnashib qolgan mayda chang zarrachalarining havoga qayta koʻtarilishi
jarayoni) tashkil etadi.
Qish mavsumida tijorat va turar-joy binolarini isitishdan
kelib chiqadigan ifloslanish ustunlik qiladi, yozda esa transchegaraviy
ifloslantiruvchi moddalar, xususan shamol bilan koʻchib yuruvchi chang (barcha PM2.5
ifloslanishining 36 foizi) sezilarli hissa qoʻshadi.
Transportdan chiqayotgan gazlar yil davomida ancha barqaror. Shu
bilan birga, yoz oylarida shahar changining chiqindilari qishkiga qaraganda yuqori
boʻlib, bu qurilish faoliyatining faollashuvi va yoʻl changining yuqori rezpenziyasi
bilan bogʻliq. Yilning turli oylarida sanoat chiqindilarining umumiy
emissiyalardagi ulushi nisbatan doimiy.
AQSh elchixonasi stantsiyasidan PM2,5 kontsentratsiyasining oʻrtacha
soatlik maʻʻlumotlariga koʻra, PM2,5 kontsentratsiyasi kechqurun (20:00 dan keyin) va
ertalab (8:00 — 10:00) maksimal darajaga etadi. Zarrachalar soat
kontsentratsiyasining bunday dinamikasi Toshkentdagi kontsentratsiyaga turar-joy
binolarining isitilishi sezilarli taʻʻsir koʻrsatishini koʻrsatishi mumkin, chunki
soat kontsentratsiyasining maksimal qiymatlari aholi uyda boʻlgan vaqt (kechqurun)
yoki ertalab pechlarni yoqish vaqti bilan bogʻliq.
Toshkentdagi tungi maksimumlar, shuningdek, aralashish
balandligi past boʻlgan kunning maʻʻlum vaqtlari bilan bogʻliq — bu xususiyat
ifloslanishning toʻplanishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, ertalabki soat 8−10
oraligʻida kuzatiladigan PM2,5 kontsentratsiyasining eng yuqori darajasiga ertalabki
transport harakati ham taʻʻsir koʻrsatishi mumkin.
Chiqindilarning hududiy taqsimoti tahlili hududni shahar
zonasi va shahar atrofi zonasiga ajratish imkonini berdi. Isitish bilan bogʻliq chiqindilarning katta
qismi shahar zonasidan tashqarida sodir boʻladi, shu bilan birga, transport va
sanoatdan PM2,5 chiqindilarining asosiy ulushi Toshkent shahar zonasida toʻplangan.
Shahar
hududidan tashqaridagi uy-joy sektoridan tashlamalarning yuqori darajasi
markazlashtirilgan issiqlik taʻʻminotining yoʻqligi bilan izohlanadi, bu esa uy
xoʻjaliklarini individual isitish manbalaridan foydalanishga majbur qiladi. Ekologiya
vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, shahar hududi atrofida joylashgan issiqxonalar ham
isitish uchun koʻmirdan foydalanadi. Bu esa qattiq yoqilgʻi (koʻmir, biomassa) shahar
atrofidagi turar-joy va tijorat binolarini isitish uchun keng
qoʻllanilayotganligini dala kuzatuvlari ham tasdiqlaydi.
Bevaqt oʻlim
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, PM2,5 ning oʻrtacha yillik
kontsentratsiyasi Toshkent shahri hududidagi yacheykalarning 39% JSSTning birinchi
oraliq maqsadli koʻrsatkichidan (35 mkg/m3) past edi. Biroq, bu yacheykalarda shahar
aholisining atigi 17 foizi yashaydi, yaʻʻni Toshkent aholisining 83 foizi 1 kv. km.
maydonda havo ifloslanishi yuqori boʻlgan va salomatlikka jiddiy taʻʻsir
koʻrsatadigan yacheykalarda yashaydi.
Toshkent shahrida PM2,5 ning oʻrtacha yillik 38,8 mkg/m3
kontsentratsiyasi taʻʻsirida yuzaga kelgan oʻlim yiliga 3042 erta oʻlim holatlarini
tashkil etadi. Havoning PM2,5 bilan ifloslanishi bilan bogʻliq boʻlgan bevaqt oʻlim
holatlarining aksariyati insulʻt (33%), yurak ishemik kasalligi (28%) va pastki
nafas yoʻllari infektsiyalari (23%) bilan bogʻliq.
Toshkent shahrida atmosfera havosi PM2,5 ifloslanishining
yillik oʻlimga taʻʻsiridan tashqari, ushbu tadqiqotda shaharda PM2,5 ifloslanishi
bilan bogʻliq oʻlim va kasallanishning iqtisodiy taʻʻsiri baholandi.
IHTT tomonidan tavsiya etilgan oʻrtacha hayot qiymati
koʻrsatkichlaridan foydalangan holda va kasallanish bilan bogʻliq xarajatlar oʻlim
bilan bogʻliq xarajatlarning 10% ni tashkil qiladi deb taxmin qilgan holda,
mualliflar Toshkent shahrida atmosfera havosining PM2,5 ifloslanishi bilan bogʻliq
oʻrtacha yillik iqtisodiy xarajatlarni 488,4 million dollarga baholaydilar, bu
Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining 0,7% ga teng.
Toshkent shahrida havo ifloslanishining aholi salomatligiga
taʻʻsirini ushbu umumlashtirilgan baholash mahalliy maʻʻlumotlar asosida GKYu (Global
kasalliklar yuki) maʻʻlumotlar bazasidan havo ifloslanishining salomatlikka
taʻʻsiri toʻgʻrisidagi maʻʻlumotlar bilan birgalikda oʻtkazildi.
Hisobotda standartlar va meʻʻyoriy hujjatlarni yangilash, havo
sifatini boshqarish boʻyicha milliy strategiyani ishlab chiqish va ushbu chora-tadbirlarni
amalga oshirish uchun muvofiqlashtiruvchi mexanizmni yaratishni oʻz ichiga olgan havo
sifatini yaxshilash boʻyicha «yoʻl xaritasi» taklif etilgan. Shuningdek, sanoat,
transport va isitish tarmoqlarida tashlamalarni qisqartirish choralari taklif
etildi.
Isitish sohasida havoning ifloslanishini kamaytirishga yoqilgʻi
sifatini yaxshilash, binolarning energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza
energiya manbalariga oʻtish orqali erishish mumkin. Jahon banki energiya tejamkor
echimlarga oʻtish uchun uy xoʻjaliklariga, ayniqsa, zaif oilalarga moliyaviy yordam
koʻrsatishni tavsiya qiladi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish, ekspertlarning fikricha,
Oʻzbekistonda havo holatini sezilarli darajada yaxshilash va aholining hayot
sifatini oshirish imkonini beradi.
Hisobot Jahon banki tomonidan Oʻzbekiston Ekologiya,
atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda
Iqtisodiyot va moliya vazirligi koʻmagida tayyorlandi. U Markaziy Osiyo
mamlakatlarida havo sifati boʻyicha tadqiqotlar seriyasining bir qismi boʻlib,
mintaqa hukumatlari bilan muloqotga koʻmaklashish, shuningdek, ushbu sohada
hamkorlik va bilim almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan.
19 sentyabrʻ kuni prezidentga 2030 yilgacha chang boʻronlariga
qarshi kurashish dasturi, shuningdek, Toshkentda havo sifatini yaxshilash
chora-tadbirlari taqdim etildi. Qurilish maydonlarida havoni muhofaza qilish
talablariga rioya etmaganlik uchun jazo joriy etish, daraxtlarni kesish va quritish
va boshqalar uchun jarimalarni kuchaytirish taklif qilinmoqda.