05.03.2025 12:44

Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari otinoyilarga tahdid qilib, roʻmollarni orqadan oʻrashga buyurgani aytilmoqda



Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Ilhom Arziqulov otinoyilarning hijobiga qarshilik qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Qayd etilishicha, yangi tayinlangan Toshkent viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari otinoyilar bilan boʻlgan yigʻilishda hijobda yurish mumkin emasligi, otinoyilar ham roʻmolini orqadan oʻrashi kerakligini talab qilgan. U oʻz soʻzlarini Hanafiy mazhabida roʻmol orqaga oʻraladi, degan qoʻshtirnoq ichidagi fatvo bilan asoslashga uringan.
 
Shuningdek hokim oʻrinbosari Qashqadaryo viloyatida ishlaganda ham shu ishlarni amalga oshirganini aytib maqtangan. Hokim oʻrinbosarining yigʻilgan ayollarga juda qoʻpol munosabatda boʻlib, yoshi katta onaxonlarni ham urishib bergani aytilmoqda.
 
Bundan tashqari u imomlarga dagʻdagʻa qilib, hamma radikallashib ketayotgani sabab ularning oilasi — xotini va bolalari bilan shaxsan koʻrishib gaplashishini qoʻshimcha qilgan.
 
Hokim oʻrinbosarining ushbu soʻzlari nafaqat "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonunga, balki yaqindagina qabul qilingan Oʻzbekistonning "Diniy sohadagi davlat kontseptsiyasi"ga ham ziddir. Zero unda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlash nazarda tutilgan edi. Bundan tashqari diniy ilmi boʻlmagan holda "yolgʻon fatvo" berish ham hech bir qonun-qoidaga toʻgʻri kelmaydi. 
Holbuki, amaldor taъkidlayotgan mazhabimizda ayollarning yuzidan boshqa avrat joylarini yopib yurishi barcha Hanafiy ulamolari tomonidan taъkidlangan.

Mavzuga aloqador