Toʻqaev yadro urushi xavfi ortib borayotganidan xavotirda
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmard Toʻqaev Ostonada boʻlib oʻtayotgan Jahon va anъanaviy dinlar etakchilarining VIII qurultoyida nutq soʻzlab, kun sayin yadroviy mojaro ehtimoli oshib borayotganidan jiddiy xavotir bildirdi. U oʻz soʻzida Armageddon (oxirzamon urushi)ning oldini olish uchun diniy etakchilarni birlashishga va siyosiy arboblarga muhim qarorlarni juda chuqur oʻylab qabul qilishga chaqirgan.
"Ayni damda yadroviy urush xavfi ortib bormoqda. Bunday "Armageddon" ehtimoli ekspertlar tomonidan soʻnggi oʻn yillarda eng yuqori darajasiga etdi, deya baholanyapti. Afsuski, dunyoda konstruktiv tashabbuslar va taranglikni yumshatish siyosati oʻrniga, qarama-qarshilikka asoslangan fikrlash avj olmoqda. Geosiyosiy jarayonlarda chuqur jarlik paydo boʻlmoqda, ijtimoiy taranglik oʻsib bormoqda", degan u.
Bundan tashqari, Qozogʻiston rahbari sunъiy intellekt (SI) tizimlari uchun alohida axloq kodeksini ishlab chiqish maqsadida dinlararo komissiya tuzishni taklif etgan.