09.08.2024 19:05

Toʻqaev Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini yanada mustahkamlashga chaqirdi


Bugun, 9 avgust kuni Ostona shahrida Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqaev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VI Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

Uchrashuvda Qozogʻiston rahbari mintaqa yaqinida murakkab harbiy-siyosiy vaziyat mavjudligini aytib, mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasida birgalikda harakat qilish zarurati paydo boʻlganiga toʻxtalgan.

Shuningdek, u zamonaviy tahdidlarni samarali engib oʻtish uchun mintaqa davlatlari oʻrtasida siyosiy muloqot va ishonchni mustahkamlash muhimligini qoʻshimcha qilgan.

“Bugun biz xalqaro munosabatlar tizimining fundamental asoslari nurab borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Bunday sharoitda mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlash asosiy vazifa boʻlib qolmoqda”, – degan Toʻqaev.

Bundan tashqari, u Markaziy Osiyoning tranzit-transport salohiyatini rivojlantirish haqida soʻz ochgan va mintaqa mamlakatlari uchun Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish taklifini qoʻllab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, u suvdan adolatli foydalanishga asoslangan yangi hamkorlikdagi suv siyosatini ishlab chiqishni taklif qilgan.

“Koʻp tomonlama suv hamkorligi gidroenergetika inshootlarini birgalikda qurish va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun suv-energetika konsorsiumini tashkil etish tashabbuslariga asoslanishi mumkin”, — degan Toʻqaev.

Bundan tashqari, u taʻʻlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik, qoʻshma media-mahsulotlar yaratish hamda mintaqaviy telekanal yoki internet yangiliklar portalini ishga tushirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish masalasini koʻtardi.

Mazkur yigʻilishda 2027 yilgacha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi. Ushbu hujjat hukumatlarning muvofiqlashtirilgan ishini takomillashtirish va sohada taklif etilayotgan tashabbuslarning borishi ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo – 2040” mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat imzolandi.

Maslahatlashuv uchrashuvida Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ham soʻzga chiqdi.

Mavzuga aloqador