17.09.2024 11:46

Toqaev Braziliya va Xitoyning Ukraina boʻyicha tinchlik rejasini qoʻllab-quvvatladi

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Braziliya va Xitoyning Ukrainadagi mojaroni hal qilish boʻyicha tinchlik rejasini qoʻllab-quvvatladi. 16 sentyabrʻ kuni Ostonaga tashrif buyurgan Germaniya kantsleri Olaf Sholʻts bilan uchrashuvda bu haqda soʻz ochdi.

«Urushning yanada avj olishi butun insoniyat, birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosiga bevosita aloqador boʻlgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib boʻlmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortilgani orqali hech boʻlmaganda sulhga erishish uchun ham yaxshi imkoniyat yoʻqoldi. Ammo tinchlikka erishish imkoniyati hali ham mavjud», — dedi Toqaev.

Qozogʻiston rahbari Rossiyaning «harbiy jihatdan engilmas» ekanini «fakt» deb atadi va turli davlatlarning «barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan koʻrib chiqishga» chaqirdi.

«Bizning fikrimizcha, Xitoy va Braziliyaning tinchlik rejasi qoʻllab-quvvatlashga loyiq. Davlat rahbarlari keladi va ketadi, xalqlar, ayniqsa, qoʻshni xalqlar esa tinch-totuv va oʻzaro hamjihatlikda yashashi kerak», — dedi Toqaev.

«Qozogʻiston Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega va mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Qozogʻistonda Ukraina xalqiga va uning oʻziga xos madaniyatiga samimiy hamdardlik bilan qarashadi. Davlatlarimiz oʻrtasida hech qachon kelishmovchilik boʻlmagan. Mamlakatimizning Kievdagi elchixonasi oʻz faoliyatini davom ettirmoqda», — deya qoʻshimcha qildi u.

Akorda matbuot xizmatining qayd etishicha, Toqaev Rossiya-Ukraina urushi haqida Sholʻtsning iltimosiga binoan gapirgan.

Mavzuga aloqador