16.09.2024 10:57

Germaniya kantsleri Olaf Sholʻts Oʻzbekistonga keldi

Germaniya kantsleri Olaf Sholʻts Markaziy Osiyoga ilk tashrifi doirasida Oʻzbekistonda boʻldi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad nima, qanday kelishuvlarga erishildi?

Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Germaniya kantsleri Olaf Sholʻts 15 sentyabrʻ kuni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Prezident Shavkat Mirziyoev Germaniya kantslerini Registon maydonida kutib oldi.

Samarqanddagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoev va Olaf Sholʻtsning tor doirada va delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Tomonlar parlamentlar, hukumatlar, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi faol aloqalarni davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdi.

Tashqi siyosat idoralariga Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlari darajasini oshirish masalasini koʻrib chiqish, xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazish topshirildi.

Sammitga Sanoat va texnologiyalar boʻyicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani qayd etildi. Germaniyaning etakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 mlrd evro boʻlgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Ular «yashil» energetika, kimyo sanoati, oʻta muhim xomashyoni oʻzlashtirish, mashinasozlik, toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa koʻplab yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Jumladan, Siemens Energy kompaniyasi bilan Oʻzbekiston hududlarida bugʻ-gaz elektr stantsiyalarini qurish, Linde Group kompaniyasi bilan «metanol oroli» barpo etish va «yashil» ammiak ishlab chiqarish, KfW Ipex-Bank ishtirokida yirik mis konini oʻzlashtirish, Giga Fiber bilan mis qazib olish va kabelʻ mahsulotlarini ishlab chiqarish, AMK Global bilan uglerod tolasi, Guesscon bilan qora qurum va vodorod ishlab chiqarish va boshqa koʻplab loyihalar eng muhim loyihalar sifatida qayd etildi.

Nasos tizimlarini mahalliylashtirish, qayta tiklanuvchi energetika, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish, logistika markazlarini tashkil etish boʻyicha bir qator yangi loyihalar mavjud.

Shavkat Mirziyoev Lufthansa aviakompaniyasining Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarini qayta yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqishni taklif etdi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoev va Olaf Sholʻts Qoʻshma deklaratsiyani qabul qildi.

Rasmiy tashrif doirasida 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, shu jumladan:

Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo deklaratsiya;

«Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo deklaratsiya;

Oʻta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya;

Transport sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

Parij bitimi doirasida iqlim oʻzgarishi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum.

Bundan tashqari, 2024−2026 yillarga moʻljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilindi, shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniyaning etakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzildi.

Maʻʻlumot uchun, 2023 yilda tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard evrodan oshdi. Germaniya biznesi bilan hamkorlik kengaymoqda — 2024 yil boshidan buyon Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Germaniya kompaniyalarining 800 million evrolik investitsiyalari kiritildi.

Reuters xabariga koʻra, Olaf Sholʻts ilk tashrifini Qozogʻiston va Oʻzbekistonga amalga oshirishi Berlin Ukrainadagi urushdan keyin yangi bozorlar, energiya va foydali qazilmalarni qidirayotgani bilan bogʻliq.

 

 

Mavzuga aloqador