08.05.2025 08:10
80
Surxondaryolik yigit Telegram’dagi “istoriya”si sabab uch yilga qamaldi
Surxondaryo viloyatida Telegram’dagi “istoriya”siga “Iroq va Shom islom davlati” (IShID)ning qora bayrogʻi koʻringan videoni joylagan 18 yoshli yigit 3 yilga qamaldi.
“Daryo” nashriga koʻra, Jinoyat ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tuman sudida 18 yoshli yigitning ishi koʻrib chiqildi. U jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materialni internet orqali tarqatishda ayblangan.
Sud materiallariga koʻra, yigit Telegram’dagi “istoriya” boʻlimiga arab tilidagi nashida ijro etilayotgan, oʻzbekcha titrlar ilova qilingan videoni joylashtirgan.
Yigit ushbu videoni qoʻshigʻining ohangi yoqqani uchun tarqatganini aytgan. U arab tilini bilmasligini, diniy taъlimga ega emasligini va bunday videolarning jinoiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan bexabar boʻlganini taъkidlagan.
Sud tomonidan u Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi boʻyicha aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.