27.03.2024 07:24

Suriyada terrorchilar safida jang qilib, jarohat olgan oʻzbekistonlik 6 yilga qamaldi

Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangan 24 yoshli oʻzbekistonlik fevralʻ oyida Oʻzbekistonga deport qilingan edi. U sud qilinib, 6 yilga qamaldi.

Suriyada «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safida jang qilib, jarohatlangan, soʻngra davolanish uchun qoʻshni davlatga oʻtganida qoʻlga tushgan 24 yoshli D. Raimov fevralʻ oyi oxirida Oʻzbekistonga deport qilingan edi. OʻzAning xabar qilishicha, u 6 yilga qamaldi.

Maʻʻlum qilinishicha, 2000 yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan yigit internetda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiyning audio, videomaʻʻruzalarini tinglab, tomosha jarayonida Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti aʻʻzosi bilan tanishgan.

Soʻng Turkiya orqali Suriyaga oʻtgan va «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti aʻʻzolari safida gʻoyaviy hamda harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan. Suriya hukumati kuchlari tomonidan oʻtkazilgan harbiy amaliyotlarda jiddiy jarohat olgan. Sogʻligʻi tiklanganidan keyin terroristik tashkilotning xoʻjalik ishlariga jalb etilgan.

U 2023 yilning dekabrʻ oyida davolanish uchun Suriyadan qoʻshni davlatga oʻtgan vaqtida qoʻlga olingach, Oʻzbekistonga deport qilingan. Yigitga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 155-2 (Terrorchilik faoliyati uchun oʻquvdan chiqish) hamda 244-2 (Diniy ekstremistik tashkilotlar tuzish, ularda qatnashish) moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiobod tuman sudida mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqilib, D. Raimovga nisbatan tegishli moddalarga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga aloqador