25.09.2025 14:21
205
Singapurdagi elektron sigaretalar taqiqi ortidan oʻzbekistonliklar ogohlantirildi
1 sentyabrdan Singapurda elektron sigaretalar (veyplar)ga qarshi qatъiy choralar kuchga kirdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning Singapurdagi elchixonasi vatandoshlarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, taqiq, ayniqsa, K-pods turidagi va tarkibida etomidat mavjud boʻlgan veyplarga qarshi qaratilgan.
Endilikda Singapurda veyplar va shunga oʻxshash qurilmalarni olib kirish, sotish, saqlash va foydalanish mutlaqo taqiqlanadi. Saqlash yoki chekkanlik uchun 2000 singapur dollari (1550 AQSh dollaridan koʻproq)gacha jarima mavjud. Sotish yoki olib kirganlik uchun — 10 000 singapur dollari (7700 AQSh dollari)gacha jarima yoki 6 oygacha qamoq (takroriy hollarda — 20 000 singapur dollarigacha yoki 12 oygacha qamoq) miqdorida jarima solinadi.
Takroriy hollarda majburiy reabilitatsiya va keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin, deb qoʻshimcha qilinadi xabarda.