11.02.2025 06:30
Singapurda masjidga hujum qilmoqchi boʻlgan ekstremist qoʻlga olindi
Singapurda masjidga hujum tayyorlayotgan ekstremist qoʻlga olindi
Singapurda Sulton Husayn masjidida terakt sodir etishni rejalashtirgan 18 yoshli oʻta oʻngchi ekstremist Li Xingqiu hibsga olindi. Bu haqda Singapur Ichki ishlar vazirligi maъlum qildi.
Maъlumotlarga koʻra, Li Xingqiu radikal gʻoyalarga berilib, Singapurda malayziyaliklar va musulmonlarga qarshi hujumlar uyushtirishga harakat qilgan. U oʻzini “Sharqiy Osiyo suprematisti” deb atagan va xitoylar, koreyslar hamda yaponlarning hukmronligiga ishongan.
Tergovda aniqlanishicha, u 2019 yilda Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida sodir etilgan terakt haqidagi videolarni qayta-qayta koʻrib chiqqan. Shuningdek, u internetda oʻta oʻng ekstremistik gʻoyalarni oʻrganib, shaxsiy qarashlarini radikallashtirgan.
2024 yil sentyabrь oyida ayblanuvchi tanasiga natsist ramzlari tasvirlangan tatuirovka tushirgan. U internetdagi hamfikrlari bilan birgalikda terakt uyushtirishni rejalashtirgani va uni toʻgʻridan-toʻgʻri efirda uzatishni maqsad qilgani maъlum boʻldi.
Singapur hukumatining taъkidlashicha, bunday radikal harakatlarga nisbatan qatъiy choralar koʻriladi va mamlakatda ekstremizmga yoʻl qoʻyilmaydi. Hozirda hibsga olingan shaxsga nisbatan tergov ishlari davom etmoqda.