05.07.2024 07:01

Shavkat Mirziyoev Shushadagi TDT norasmiy sammitida qatnashadi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 5−6 iyulʻ kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda boʻladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoev Armaniston ishgʻolidan ozod qilingan Shusha shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining «Transport oʻzaro bogʻliqligi va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Sammit davomida koʻp tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya-moliya sohalarida, shuningdek, «yashil» iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishlarida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqadi. Tadbir yakunida qator qoʻshma hujjatlar qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Haber Global reportajida ushbu norasmiy sammitda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ham ilk bor kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etishi maʻʻlum qilindi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon esa Shusha safarini bekor qilib, Turkiya va Gollandiya terma jamoalari oʻrtasidagi futbol boʻyicha Evropa chempionati 1/4 final uchrashuvi uchun Germaniyaga boradigan boʻldi. Bu haqda NTV telekanali manbalarga tayanib xabar qildi.

Mavzuga aloqador