14.03.2024 12:00

Shavkat Mirziyoev poezdda muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan Ramazon fazilatlari haqida suhbatlashdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyatiga poezdda bordi. Safar asnosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan diniy-maʻʻrifiy yoʻnalishlardagi ishlar, Ramazon oyi fazilatlari toʻgʻrisida suhbatlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga yoʻl oldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Safar asnosida prezident Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan suhbatlashdi. Muloqotda diniy-maʻʻrifiy yoʻnalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida soʻz bordi.

Muftiy bu ulugʻ ayyomda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻlishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni koʻp qilayotganini aytdi.

Shavkat Mirziyoev bu oyni yuksak darajada oʻtkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulugʻlash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini taʻʻminlash, muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xoʻjaliklaridagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi taʻʻkidlandi.   Yoshlarni bilim-maʻʻrifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni oʻqishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi. 

Mavzuga aloqador