24.10.2024 14:39

Shavkat Mirziyoev – “BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatidamiz”

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiyada boʻlib oʻtgan “BRIKS plyus” formatidagi sammitda nutq soʻzladi. Davlat rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning BRIKS bilan bogʻliq rejalari hamda Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham toʻxtaldi.

Davlat rahbari bugungi kunda dunyo jadal boʻlinib borayotgani, insonlarga ulkan azob-uqubatlar, ogʻir iztirob va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortayotganini tilga oldi.

Uning taʻʻkidlashicha, jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va protektsionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda.

“Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega boʻlish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS oʻzini koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Oʻzbekiston prezidenti oʻzaro aloqalarning bunday modeli Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan koʻra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

U geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli boʻlgan, konstruktiv muloqot yoʻli bilan global murosaga erishish boʻyicha yangragan daʻʻvatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi masʻʻuliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblashini taʻʻkidladi.

BRIKS makonida xalqaro terrorizm bilan bogʻliq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi, radikallashuv va ekstremistik gʻoyalarning, avvalo, yoshlar oʻrtasida tarqalishining oldini olishga alohida eʻʻtibor qaratish zarurligini tilga oldi.

Oʻzbekiston quyidagilarni rejalashtirmoqda:

- BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish

- ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish;

innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, toʻsiqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish;

- BRIKS sunʻʻiy intellekt boʻyicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavflarning oldini olish va boshqaruvning yagona standartlarini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qoʻshma loyihalarida ishtirok etish;

- BRIKSning BMTning Sanoatning rivojlanishi boʻyicha tashkiloti (YuNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetentsiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qoʻshilish;

- BRIKSdagi sheriklar bilan birgalikda transport sohasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yoʻlaklarni yaratish, etkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borish;

- tashkilot doirasida ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish va hokazo.

Shavkat Mirziyoevning Yaqin Sharqdagi vaziyat boʻyicha munosabati:

- Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib bormoqda.

- Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.

- Bugungi kunda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardir. Isroil-Falastin muammosining yagona echimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda, deb hisoblaymiz.

Mavzuga aloqador