10.07.2025 11:21
83

Rossiya Kavkazdan siqib chiqarilmoqdami?



Abu-Dabida boʻlib oʻtayotgan Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi muzokaralar oddiy diplomatik uchrashuv emas, balki Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ikki asrlik gegemonligining tugaganini bildiruvchi tarixiy voqea. Bu safar Kremlь ushbu mintaqadagi muhim tinchlik jarayonidan butunlay chetda qoldi.

1813 yilda imzolangan Guliston tinchlik shartnomasidan soʻng Rossiya Kavkazga kirib kelib, mintaqani oʻz imperiyasining tarkibiy qismiga aylantirdi. Sovet davrida mazkur nazorat kuchaydi, mustaqillikdan soʻng esa Moskva oʻzini Kavkazdagi ajralmas vositachi va xavfsizlik kafili sifatida koʻrsatishda davom etdi. Biroq bugun tarix oʻz hukmini chiqarmoqda: Rossiyaning roli yakun topdi.

Aliev va Pashinyanning BAAda muzokaralari Anqara, Abu-Dabi va Global Janubning kuchayib borayotganini koʻrsatmoqda. Yangi siyosiy sharoitda Kavkaz davlatlari Rossiyadan uzoqlashib, boshqa hamkorlik maydonlariga yuz tutmoqda. Armaniston AQSh va Evropa bilan yaqinlashayotgan boʻlsa, Ozarbayjon turkiy dunyo va ishonchli mintaqaviy ittifoqchilarga tayanmoqda.

Hech shubhasiz, bu jarayon Oʻzbekiston uchun ham muhim saboq boʻlishi kerak. Chunki biz ham tarixda Rossiya imperiyasining tarkibida boʻlganmiz. Kavkazdagi bugungi geosiyosiy oʻzgarishlar Markaziy Osiyoga ham ishora bermoqda: hududiy manfaatlarimizni himoya qilish, mustaqil tashqi siyosat yuritish va yangi ittifoqlar shakllantirish vaqti keldi.

Rossiyaning siqib chiqarilishi bu faqat siyosiy emas, balki mafkuraviy inqiroz hamdir. Bu — postsovet makonining tugashi va turkiy dunyoning uygʻonish davrining boshlanishidir. 

Mavzuga aloqador