08.08.2025 17:27
124
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktublari nusxasi Toshkentdagi ekspozitsiyadan joy oladi
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dunyo hukmdorlariga yozgan maktublarining papirusga koʻchirilgan nusxasi Toshkent shahridagi Islom tsivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda markaz axborot xizmati xabar berdi.
Maъlum qilinishicha, ekspozitsiyadan eng muhim tarixiy xatlardan biri — Rim imperatori Hiraqlyusga (Gerakliyus) yuborilgan maktubning ilmiy asoslangan rekonstruktsiyasi joy oladi. Shu bilan birga, Efiopiya, Misr, Bahrayn, Omon hukmdorlari, Fors shohiga yuborilgan maktublardan nusxalar oʻrin olishi kutilmoqda.
Musulmonlar idorasi bergan maъlumotlarga koʻra, Paygʻambar alayhissalom Vizantiya, yaъni Sharqiy Rim imperatori Hiraqlyusni Islom diniga daъvat etib yozgan maktub Iordaniyadagi “Qirol Husayn” masjidi muzeyida saqlanadi.
Hiraqlyusga maktub hijriy 7 yilning muharram oyida, milodiy 628 yilda yozilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Vizantiya rahbari Hiraqlyusga yoʻllagan daъvat maktubining oʻzbek tilidagi mazmuni quyidagicha:
“Bismillahir Rohmanir Rohiym. Allohning Rasuli Muhammaddan Rumning kattasi Hiraqlyusga:
“Toʻgʻri yoʻlga ergashganlarga salomlar boʻlsin. Ammo baъd, men seni Islom diniga daъvat etaman. Islomga kirsang, joning omonda boʻladi. Musulmon boʻl, Alloh senga ikki hissa ajr beradi. Va agar Islom dinini qabul qilishdan bosh tortsang, ariysiylar, yaъni xalqingning gunohi sening gardaningga tushadi”.
Paygʻambar alayhissalom tomonidan xuddi shunday daъvat maktublari Rum qaysari bilan bir vaqtda Eron kisrosiga, Habashiston Najoshiysiga, Misr aziziga, Gʻasson amiriga va Yamoma malikiga ham sahoba elchilar orqali yuborilgan.