Qozogʻiston Oliy sudi “Jibek Joli” xayriya tashkilotiga qarashli 26 ta pansionatni yopish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu pansionatlarda noqonuniy tarzda diniy fanlar oʻqitilgan hamda xayriya tashkilotining turk soʻfiy jamoati – "Sulaymonji" bilan aloqasi borligi aytilmoqda.

Joriy yilning may oyida Olmaota sudi "Jibek Joli" xayriya muassasalari uyushmasining 26 ta boʻlimini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qildi. Bu haqda "Yeni Şafak" nashri yozdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ilgari mamlakat boʻylab xayriya tashkilotining 92 ta pansionati faoliyat yuritgan. Qozogʻiston rasmiylarining iddao qilishicha, xayriya tashkilotlari mamlakat qonunchiligini buzgan. Shuningdek, bu erda noqonuniy tarzda diniy fanlar oʻqitilgan hamda xayriya tashkilotining turk soʻfiy jamoati – "Sulaymonji" bilan aloqasi borligi aytilmoqda.

Nashrning yozishicha, ushbu yoʻnalish Bolgariyada paydo boʻlgan, uning asoschisi Naqshbandiya tariqati vakili shayx Sulaymon Xilmi Tunaxon Al-Silistrevi (1888-1959) hisoblanadi. Shayxning izdoshlari uni "Xatm al-avliyo" (Avliyolarning soʻnggi muhri) va "Murshid al-komil" (Mukammal ustoz) deya sifatlashadi. Bundan tashqari muridlar ustozini Alloh va shayxga ergashganlar oʻrtasidagi vositachi deb biladi. Ayni paytgacha "Sulaymonji"ning eʻʻtiqodi Qozogʻiston musulmonlari boshqarmasi talablariga mos kelishi aytib kelinardi.

Kutilmaganda bir vaqtning oʻzida xayriya tashkilotining 26 ta pansionatlarini yopish toʻgʻrisidagi qaror Qozogʻiston Respublikasi Oliy sudining press-relizida eʻʻlon qilindi. Jumladan press-relizda shunday deyilgan:

"Olmaotaning ixtisoslashtirilgan tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazish bekor qilindi va 26 ta xayriya muassasalarining faoliyati tugatildi. Apellyatsiya sudida bu qaror oʻzgarishsiz qoldirdili". 

Sud bunga sabab sifatida xayriya muassasalarining oʻz ustaviga binoan ishlamaganligini keltirgan:

"Vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, Olmaotada xayriya va taʻʻlim sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanadigan 26 ta muassasadan faqat 11 tasi ishlaganligi, 15 tasi esa kelishuvda nazarda tutilgan joyida ishlamaganligi aniqlandi. Muassasalar bolalarning hayoti va sogʻligʻi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qator qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan.

Shuningdek, arxitektura, shaharsozlik, yongʻin xavfsizligi talablari, sanitariya-epidemiologiya normalari, diniy, xayriya va moliya-xoʻjalik faoliyati sohasida mavjud talablarni qoʻpol ravishda buzgan. Ayniqsa tashkilotning baʻʻzi boʻlimlarida tegishli litsenziyasiz diniy taʻʻlim berilgan", – deyiladi sud qarorida.

Taʻʻkidlanishicha, ayni paytda Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi tomonidan "Jibek Joli" bilan memorandum bir tomonlama bekor qilingan. Qonun normalarini buzgan xayriya muassasalari va ularning rahbariyatiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Maʻʻlumotlarga koʻra, ushbu pansionatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisidagi daʻʻvo Olmaota prokuraturasi tomonidan qoʻzgʻatilgan boʻlib, aslida oʻtgan yilning boshidayoq "Sulaymonji"ga qarshi keng koʻlamli hujum boshlangani sezilib qolgan edi. Ayniqsa Qozogʻiston ommaviy axborot vositalarida oʻnlab bir xil turdagi "fosh qiluvchi materiallar" tayyorlandi. Ularning aksariyati "Olmaota shahar din ishlari boshqarmasi koʻmagida" yoki "Davlat buyurtmasi" rubrikasi ostida efirga uzatilgan.

Mavzuga aloqador