Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston diplomatik missiyasi rahbari Muhammad Ur Rahmon Rahmoniyni ishonchli vakil sifatida akkreditatsiyadan oʻtkazdi. Bundan koʻzlangan maqsad ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishdan iborat ekani maʻʻlum qilindi.

Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Alibek Bakaev Afgʻoniston diplomatik missiyasi rahbari Muhammad Ur Rahmon Rahmoniyni qabul qildi, deya xabar berdi Zakon.kz Qozogʻiston TIV matbuot xizmatiga tayangan holda.

Uchrashuv chogʻida Bakaev Qozogʻiston Rahmoniyni Afgʻonistonning Qozogʻistondagi ishonchli vakili (martabasi elchidan pastroq boʻlgan diplomatik vakil – tahr.) sifatida akkreditatsiya qilganini, bunda Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasida ikki davlat oldiga qoʻygan muhim maqsad koʻzda tutilganini maʻʻlum qildi.

Qozogʻiston TIV Afgʻonistonning mintaqaviy munosabatlarga faol jalb etilishi afgʻon xalqi ahvolining yaxshilanishi, mamlakat iqtisodiyotini, ijtimoiy barqarorlikni tiklash, shuningdek, mintaqa tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi, deb hisoblaydi.

“Qozogʻiston Afgʻonistonga yordam koʻrsatish va murakkab gumanitar muammolarni hal qilish boʻyicha xalqaro saʻʻy-harakatlarni birlashtirish tarafdori. Shu maqsadda Qozogʻiston Olmaotada BMTning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston mamlakatlari uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi”, deyiladi Qozogʻiston TIV xabarida.

2024 yil 3 iyunʻ kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqaev “hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afgʻonistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etish” ekanini taʻʻkidlagan edi. Davlat rahbari, shuningdek, “Qozogʻiston zamonaviy Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanligini anglagan holda, «Tolibon» rejimini terrorchilar roʻyxatidan chiqarganini” eslatdi.

Mavzuga aloqador