11.06.2025 09:35
207
Qozogʻiston hukumati ham niqobni taqiqlash arafasida
Qozogʻiston Senati fuqarolarning diniy erkinligiga bevosita taъsir qiluvchi qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda. Unga koʻra, jamoat joylarida yuzni toʻliq yopuvchi kiyimlar, jumladan, ayollarning yuziga niqob taqishi taqiqlanishi mumkin.
Gap shundaki, "Qozogʻiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun 28 may kuni Qozogʻiston Majlisi tomonidan qabul qilingan. Endi u Senatga yuborildi va yaqin kunlarda koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Bu bilan Qozogʻiston ham qoʻshnilaridan namuna olmoqda: Qirgʻizistonda niqob taqiqi 2024 yil fevralidan kuchga kirgan, jarima taxminan 230 dollar. Oʻzbekistonda 2023 yildan beri amalda, jarimalar 250–380 dollar atrofida. Tojikiston esa allaqachon niqobni oʻzining "milliy qadriyatlariga zid" deb eъlon qilgan edi.
Tanqidchilarga koʻra, ushbu qonunning hech qanday "xavfsizlik choralari"ga aloqasi yoʻq, balki inson huquqlarini buzuvchi tashabbusdir. Koʻplab musulmon ayollar uchun niqob taqish – imon va eъtiqodning shaxsiy ifodasi hisoblanadi. Taqiq ularning jamoat joylarida oʻz diniy burchini ado etishini cheklaydi.