Oʻsh viloyati Novqat tumani Abshir Ota qishlogʻiga sel kelishi oqibatida halok boʻlganlar soni 9 kishiga etdi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tabiiy ofat qurbonlarining aksariyati 8 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlardir. Shuningdek, sel kelishi oqibatida ikki ayol ham vafot etgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining jami 53 nafar xodimi qutqaruv ishlariga jalb qilingan.

Bundan tashqari, ichki ishlar vazirligining 120 nafar xodimi, Mudofaa vazirligining 50 nafar xodimi hamda 150 nafar mahalliy aholi vakillari  ham jarayonda ishtirok etyapti. Voqea joyida jami 373 kishi ishlamoqda.

Koʻpriklar va yoʻllarning vayron boʻlishiga, odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan sel oqibatida Novqat tumanida favqulodda holat eʻʻlon qilingan. Abshir Ota dam olish maskanida 1300 dan ortiq odam qolib ketgan, ularning barchasi evakuatsiya qilingan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, Oʻsh-Razzoqov avtomobilʻ yoʻlining 63-kilometrida Nayman koʻprigi sel oqimi tufayli qulab tushgan. Koʻprikning qulashi sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilayotgan vaqtda sodir boʻlgan. Voqea joyida restavratsiya ishlari olib borilayotgani aytilmoqda.

Mavzuga aloqador