03.07.2025 12:05
192

Qirgʻizistonda islomiy moliyaga qiziqish keskin oshmoqda


Qirgʻiziston Milliy bankining maъlum qilishicha, joriy yil boshidan buyon islomiy moliyaga talab qariyb 50 foizga oshgan. 

Milliy bank mutaxassislarining fikricha, aholi islomiy moliyaviy tashkilotlarning shartlarini anъanaviy banklar va kredit uyushmalariga nisbatan jozibadorroq deb hisoblaydi. 

Jumladan, 2024 yilda islomiy moliya hajmi 10 milliard somdan oshib, 2023 yilga nisbatan 45 foizga koʻpaygan. 2025 yil yoziga kelib esa bu koʻrsatkich 12,1 milliard somga etgan (oʻsish – 33,6%).

Islomiy moliya qoʻllaniladigan barcha sohalarda bu jarayon kuzatilmoqda. Ayniqsa, eng katta oʻsish isteъmol kreditlari segmentida qayd etilgan. Joriy yil boshidan beri fuqarolar islomiy moliyaviy tashkilotlardan turli ehtiyojlari uchun taxminan 2,4 milliard som miqdorida mablagʻ olgan – bu 2024 yil oxiriga nisbatan 49,9%ga koʻp degani.

Mamlakatda islomiy ipoteka ham ommalashyapti. Bu yoʻnalishdagi oʻsish 32,8%ga etgan: uy-joy xaridi uchun ajratilgan mablagʻlar hajmi 4,3 milliard somni tashkil etmoqda.

Islomiy kreditlash orqali biznesni moliyalashtirish ham barqaror oʻsayotgani diqqatga sazovordir.

Milliy bankning Islomiy moliyaviy mahsulotlar boʻlimi rahbari Samara Maytashovaning taъkidlashicha, islomiy moliyaga boʻlgan talabning oʻsishi, bank va mijoz oʻrtasidagi munosabatlar tubdan farq qiluvchi struktura bilan bogʻliq. 

Maъlumot uchun, ayni paytda mamlakatda bitta islomiy bank, 4 ta “islomiy oynali” anъanaviy bank hamda 10 ta islomiy tamoyillarga amal qiluvchi moliyaviy tashkilot faoliyat yuritmoqda.

Mavzuga aloqador