13.11.2024 07:24

Qirgʻizistonda hokimiyatni toʻntarishning oldi olindi



Qirgʻizistonda hokimiyatni zoʻravonlik yoʻli bilan egallab olishni rejalashtirishda gumonlanib 7 kishi, jumladan, 3 nafar asli qirgʻizistonlik boʻlgan xorij fuqarosi, shuningdek, sobiq bosh prokuror oʻrinbosari ushlandi. Qoʻlga olinganlardan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar va dronlar musodara qilingan.

Qirgʻizistonda hokimiyatni zoʻravonlik yoʻli bilan egallab olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishni rejalashtirishda gumon qilingan shaxslar qoʻlga olindi, deb xabar beradi mamlakat Ichki ishlar vazirligi. 

Xabarda keltirilishicha, har bir ishtirokchi oʻz vazifalarini boʻlishib olgan: tashkilotchilar, yordamchilar, moliyachilar, ijrochilar. 

Rejaga koʻra, Bishkek yaqinida milliy sport oʻyinlarini oʻtkazish bahonasida 2024 yil 17 noyabrda boʻlib oʻtadigan mahalliy Kengashlarga saylov kuni zoʻravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid chaqiriqlarni ilgari surish, hokimiyatni yana zoʻravonlik yoʻli bilan egallab olish uchun vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilganlar.

7 kishi qoʻlga olindi, ulardan uch nafari asli qirgʻizistonlik boʻlgan xorij fuqarolari ekani maʻʻlum qilindi. IIV maʻʻlumotlariga koʻra, xorijiy fuqarolardan ikki nafari xorijiy davlat hududidagi harbiy harakatlarda qatnashgan. Ulardan biri Qirgʻizistonga fuqarolarni yollash, ularning jismoniy tayyorgarligi va tartibsizliklar paytida huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini kuzatishi kerak boʻlgan boʻlsa, ikkinchisi “uchuvchisiz uchish uchoqlari bilan ishlash boʻyicha mutaxassis, portlovchi moslamalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish boʻyicha malakaga ega boʻlgan. Hibsga olinganlardan yana biri Qirgʻiziston bosh prokurorining sobiq oʻrinbosari.

Qoʻlga olinganlardan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar va dronlar musodara qilindi. Ularga “Ommaviy tartibsizliklar tayyorlashni tashkil etish”, “uyushgan guruh tuzish”, “uyushgan guruhni moliyalashtirish”, “hokimiyatni zoʻravonlik yoʻli bilan egallab olishga urinish”, “Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlat hududidagi qurolli mojaro yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishi” kabi moddalar bilan jinoiy ishlar qoʻzgʻatildi. Ularning barchasi sud qarori bilan 2025-yil 10-yanvarga qadar qamoqqa olingan.

Kloop bosh prokurorning sobiq oʻrinbosari Kuban Adil uulu hibsga olingani haqida xabar berdi. U mazkur lavozimda 2021 yildan beri ishlab kelayotgan boʻlgan. Shu yilning aprelʻ oyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov uni egallab turgan lavozimidan ozod qilgan.

Mavzuga aloqador