29.11.2024 17:38

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi boʻlimida namozxona ochildi

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining Bishkekda ochilgan boʻlimida xodimlar uchun namozxona ochildi. Boʻlimga tashrif buyurgan MXDQ raisi Qamchibek Tashiev xavfsizlik xodimlarini mamlakat kelajagi uchun ishlash, qonunlarni buzmaslikka chaqirdi.

Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida ochilgan Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi boʻlimining yangi binosida namoz oʻquvchi xodimlar uchun alohida namozxona tashkil etildi. 

AKIpress nashrining xabar qilishicha, ochilish marosimida Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiev  xodimlarini bugunning oʻzi bilan yoki bitta operatsiya uchun emas, balki mamlakat kelajagi uchun ishlashga chaqirdi.

«Oʻz manfaatlaringizni birinchi oʻringa chiqarib, davlat manfaatlarini chetga surib qoʻysangiz, har qanday holatda ham barchasi oydinlashadi. Orangizda 2-3 ta shunday xodimlar bor. Yarim yil oldin men «6-boʻlim» bilan ishlaganimda, sizning harakatlaringiz boʻyicha tergov oʻtkazishni buyurdim. Tez orada bularning barchasi maʻʻlum boʻladi. Men hech narsani sezmayapti, deb oʻylamang. Men hamma narsani bilaman. Agar sizlardan birortangiz mening koʻrsatmalarim boʻyicha ishlab yurib, pora olishga urinsangiz, javobgarlikka tortilasiz va hibsga olinasiz. Keyinroq boʻlsa ham qonunga xilof xatti-harakatlardan xabardor boʻlaman va siz jazolanasiz», — dedi Tashiev.

MXDQ raisi Qamchibek Tashiev boʻlimning yangi binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, dam olish xonalari, oshxona hamda namozxonalarni koʻzdan kechirdi.

Shuningdek, Tashiev xavfsizlik xodimlariga bir-birini tartibga, qonuniylikka chaqirib, yaxshilanishga yordam berishi, agar hamkasbi tuzalmasa, qonun doirasida jazolanishini va xizmatni tark etishini maslahat berdi.

«Qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan boʻlsangiz, rahbarlaringizga murojaat qiling. Mening eshiklarim siz uchun doim ochiq – farrosh ayoldan tortib, oʻrinbosarlarimgacha. Rahbaringizga xabar bering va muammolaringiz bilan mening oldimga keling. Men sizga yordam berishga harakat qilaman. Nima boʻlgan taqdirda ham, qonunni buzmanglar», — dedi u xodimlarga.

Mavzuga aloqador