03.06.2024 09:24
Qatar Airways Oʻzbekistonga doimiy parvozlarni yoʻlga qoʻydi
Qatar Airways aviakompaniyasi 2 iyundan Doxa – Toshkent yoʻnalishida doimiy parvozlarni yoʻlga qoʻydi. Qatnovlar haftasiga toʻrt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus 320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelgusida parvozlar chastotasini oshirish hamda Samarqand va Buxoroga ham reyslarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Qatar Airways aviakompaniyasi Doxa – Toshkent – Doxa yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni yoʻlga qoʻydi, deya xabar qildi Oʻzbekiston Transport vazirligi.
2 iyunʻ kuni soat 10:28 da Qatar Airways aviakompaniyasining Toshkentga rejalashtirilgan birinchi reysi Doha aeroportidan havoga koʻtarilib, Oʻzbekiston poytaxtiga Airbus 320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da qoʻndi. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil qildi.
«Doxa – Toshkent – Doxa yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi qatnovlari haftasiga toʻrt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus 320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelgusida biz Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish hamda Buxoro va Samarqandga reyslarni yoʻlga qoʻyishni ham koʻrib chiqyapmiz», — dedi sharqiy mintaqa katta vitse-prezidenti Marvan Koleylat.
Eslatib oʻtamiz, mazkur qatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi aprelʻ oyi oxirida Oʻzbekistonning Qatardagi favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjaev hamda Qatar Airways kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badr Muhammad Al-Miyr oʻrtasidagi uchrashuvda maʻʻlum qilingan edi.