17.07.2025 11:52
161
Qashqadaryoda "metan zapravka"dagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida yoqilgʻi saqlash rezervuarida sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteъmol qilish) va 259- (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qayd etilishicha, tegishli soha mutaxassislari ishtirokida yongʻin koʻlami va etkazilgan zararlarning miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi doirasida sud-tibbiy, yongʻin kelib chiqishini aniqlash boʻyicha sud-kimyoviy, biologiya, kriminalistika va yongʻin texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.
Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Koʻkdala tumanida gaz quyish shoxobchasida portlash, uning ortidan yongʻin yuzaga kelgan, 4 nafar fuqaro halok boʻlgan edi.