Qamoqxonadagi yana bir oʻlim holati boʻyicha bayonot berildi
2025 yil 11 fevralь kuni 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida oʻz jazo muddatini oʻtayotgan mahkum Mustafo Tursunboevni ayni damda buzilayotgan binoning devor qismi qulab, bosib qolgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Aytilishicha, mahkum zudlik bilan shifoxonaga joylashtirilgan, biroq shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay mahkum 16 fevralь kuni shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Oldinroq Olmaliq shahridagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan mahkumning jasadi chiqqani xabar qilingandi.