Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 sentyabrʻ kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, ichki ishlar vaziri Ali Erlikaya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida mehmonlar Oʻzbekiston rahbariga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanning salomini etkazdi.

Muhokama davomida Shavkat Mirziyoevning 6−7 iyunʻ kunlari Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar ikki davlat vazirlari va idoralari rahbarlari oʻtkazgan qoʻshma uchrashuv natijalari yuqori baholadi. Qabul qilingan «yoʻl xaritasi»ga muvofiq muntazam va tizimli aloqalarni davom ettirish, bunday muzokaralar formati va kun tartibini kengaytirish muhimligi taʻʻkidlandi.

Uchrashuvda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama etildi. Xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va qoʻshma tadbirlar oʻtkazishga alohida eʻʻtibor qaratildi.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rahbarlari avvalroq Oʻzbekiston DXX bilan terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni muhokama qildi.

Mavzuga aloqador