05.06.2025 18:11
67

Prezident Oʻzbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi





Prezident Shavkat Mirziyoev Oʻzbekiston xalqini Qurbon hayiti munosabati bilan tabrikladi.

"Muhtaram vatandoshlar! Siz azizlarni, barcha moʻmin-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulugʻ va moʻъtabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.

Jamiki islom ummati uchun qadrli boʻlgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz", deyiladi tabrik boshida.

Davlar rahbari bugungi kunda Oʻzbekistonda turli millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini taъminlash, diniy-maъrifiy merosni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini taъkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston prezidenti Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markazi ilmiy-maъnaviy yoʻnalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurt va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, davlat rahbari shu kunlarda 15 ming nafar oʻzbekistonlik muqaddas Haj ziyoratini ado etayotganini eslatib oʻtdi.

"Ezgu duo va niyatlar ijobat boʻladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtga sogʻ-omon qaytib kelishlarini soʻraymiz.

Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-maъrifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, vatan himoyachisi boʻlishga targʻib etish, muhtoj insonlarga koʻmak berishda alohida ibrat va namuna koʻrsatadilar", deyiladi tabrik soʻzida.

Shavkat Mirziyoev shu kunlarda xorijiy davlatlarda boʻlib turgan vatandoshlarni ham bugungi ulugʻ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sogʻlik-omonlik, baxt va omad tiladi.

"Albatta, oʻz tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib oʻtgan mard va oliyjanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir. Bu yoʻlda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, oʻzaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Qutlugʻ ayyom barchamizga muborak boʻlsin", deyiladi prezident tabrigida.

Mavzuga aloqador