30.03.2024 09:23

Prezident ehtimoliy teraktlarning oldini olish choralarini koʻrishni topshirdi

Shavkat Mirziyoev huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokidagi yigʻilishda IIV va Milliy gvardiyaga aholi gavjum joylarda sodir etilishi mumkin boʻlgan terrorchilik harakatlarining oldini olishga qaratilgan taʻʻsirchan choralarni koʻrishni topshirdi.

Shavkat Mirziyoev 29 mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini taʻʻminlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat koʻrsatish sohasi yirik obʻʻektlarida, jumladan, savdo-koʻngilochar majmualar, bogʻlar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum boʻladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi.

Jamoat xavfsizligiga yangi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʻʻminlashda huquqni muhofaza qilish idoralari va tadbirkorlik subʻʻektlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʻʻkidlandi.

Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini taʻʻminlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subʻʻektlari va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini soʻzsiz taʻʻminlash muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik subʻʻektlarining bu borada toʻlaqonli hamkorlik qilishlarini taʻʻminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum boʻladigan joylarda sodir etilishi mumkin boʻlgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan taʻʻsirchan choralarni koʻrish vazifasi qoʻyildi.

Avvalroq Toshkent shahri IIBB va Milliy gvardiya xodimlari savdo majmualari, koʻngilochar maskanlar, bozorlar va boshqa jamoat joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotgani maʻʻlum qilingandi.

Mavzuga aloqador