29.03.2024 16:14

Tojikistonda “Krokus”dagi teraktda aloqadorlikda gumonlanib 9 kishi qoʻlga olindi

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi “Krokus Siti Xoll”da terakt sodir etganlar bilan aloqadorlikda gumonlanayotgan 9 kishini qoʻlga oldi. Ularni qoʻlga olishda Dushanbeda joylashgan Rossiya xavfsizlik kuchlari ishtirok etgan. Rossiyada esa teraktda aloqadorlikda gumonlanayotgan yana bir tojikistonlikka nisbatan ish ochildi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi xodimlari IShID-Xuroson terrorchilik guruhi va «Krokus Siti Xoll» kontsert zaliga hujum qilganlar bilan aloqadorlikda gumon qilingan toʻqqiz nafar mahalliy aholini qoʻlga oldi. Bu haqda Reuters va RIA Novosti Tojikiston maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib xabar qildi.

Gumonlanuvchilar 25 mart, dushanba kuni terakt sodir etgan ikki terrorist yashagan Vahdat shahrida qoʻlga olinib, soʻngra Dushanbega olib ketilgan.

Qayd etilishicha, tezkor tadbirlarda Tojikiston poytaxtida joylashgan Rossiya xavfsizlik kuchlari ishtirok etgan. Hibsga olinganlar boʻyicha boshqa tafsilotlar maʻʻlum emas.

Moskvaning Basmanniy sudiga esa «Krokus» terakti ishi boʻyicha toʻqqizinchi gumonlanuvchi boʻyicha materiallar kelib tushdi, deb yozmoqda “Baza” Telegram-kanali. Uning ismi Nazrimod Lutfulloi. Tergov uni hibsga olishni soʻramoqda.

Mavzuga aloqador