21.03.2024 07:54

Oʻzbeklarda birdamlik qay darajada?

Birdamlik nima? Bugungi oʻzbek xalqida birdamlik qay darajada? Millatning guruhlarga, firqalarga, "kult"larga, oqimlarga boʻlinib ketishining yomon tomoni yoʻqmi? Millat oʻzi istaganidek birlikka erishuvi uchun nimalar talab etiladi? Azon Global tahlilchisi Muhammad Dovud Asadulloh maqolasida ushbu savollarga javob oling.

Birlik, birdamlik gʻoyalari asrlar osha insoniyat hayotining bir boʻlagi boʻlib kelgan. Dunyo tarixida hech bir xalq yoʻqki, birdamliksiz dunyo sahnasida oʻz oʻrnini egallab, uyushgan millat sifatida shakllanmagan boʻlsa. Bugungi dunyo voqeligida eng koʻzga tashlanadigan jihatlardan biri shuki, milliy birdamlikka ega boʻlmagan yoki buni shakllantirishda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan millatlar, xalqlar davr shiddati va mamlakatlarning shafqatsiz kurashi ichida yoʻq boʻlib ketishi muqarrar. Hozirgi mavzuda Oʻzbekistonda milliy birlik, birdamlik qay darajada ekani, unga boʻlgan favqulodda zaruriyat va uni qay tarzda shakllantirish — echim izlash haqida soʻz boradi.

Insonlar — ijtimoiy mavjudot. Ular oʻzaro uyushish, birlik, birgaliksiz yashay olmasligini tarix yaxshi koʻrsatadi. Faylasuflarning taʻʻrifi bilan aytganda "ijtimoiy maxluq" sanalgan inson jamiyatni birlik bilan shakllantiradi.

Bugungi oʻzbek xalqida birdamlik qay darajada?

Tarixan oʻzbek xalqi turfa xil oʻtish davrlarini boshdan kechirdi. Bu vaqt davomida uning qoni oʻzgardi, tafakkuri, dunyoqarashi, tili, madaniyati, oʻzligi turfa xil shakllarni qabul qildi, yillar osha yangilanib boraverdi. Sir emas, millatga yangi qon bilan hamohanglikda yangi gʻoya va oʻzlik ham kirib singadi. Millatimiz bir necha bor oʻzlik oʻzgarishiga uchradi. Bulardan eng asosiysi dastavval oʻn toʻqqizinchi asr ikkinchi yarmidan boshlab yigirmanchi asr boshigacha, soʻngra oʻtgan asrning 20 yillaridan 90-yillarigacha davom etgan rus mustamlakachiligining ayovsiz fikriy tizginlaridir. Mustaqillikdan keyingi qayta shakllanish va birlik tomon harakatlar tabiiy ravishda yuzaga chiqqan boʻlsa ham, ular keltirgan oqibatlar global miqyosdagi jarayonlar fonida bir xil natijalarni — yo oʻrnida depsinishni yoki yangi shakllangan global voqelik hamda totalitar, hukmron siyosatning turfa xilligi ortida turli yoʻnalishlarga boʻlinishni keltirib chiqardi.

Birdamlik tasniflari

Milliy birdamlikni turli jihatlar boʻyicha tasniflash, tahlil qilish, ochib berish va taʻʻriflash mumkin boʻlgani uchun, dastavval uni klassik ilmiy uslubda tasniflab olamiz.

Mashhur frantsuz faylasufi Emil Dyurkheym birdamlikni ikki turga — mexanik birdamlik hamda organik birdamlikka ajratgan. U mexanik birdamlikni umumiy oʻziga xoslikka asoslangan birdamlik sifatida belgilagan. Ushbu umumiy oʻziga xoslik altruizmga yoʻl ochadi, yaʻʻni jamiyat aʻʻzolari maʻʻlum axloq asosida bir biriga yordam qoʻlini choʻzadi. Ushbu turdagi birdamlik anʻʻanaviy jamiyatni aks ettiradi. Unda guruh bir xil andoza va meʻʻyorlar asosida ijtimoiylashgan boʻlib, uni "biz" degan kuchli tuygʻu birlashtirib turadi.

Organik birdamlik, aksincha, aʻʻzolar tabaqalashgan, tafovutlashgan, lekin bir-biriga bogʻliq boʻlgan zamonaviy jamiyatda paydo boʻladi. Zamonaviy jamiyatning har xilligi, oʻz navbatida, umumiy oʻziga xoslik hissi va u bilan bogʻliq altruizmni kamaytiradi. Birdamlik uchun turtki funktsionaldir: yaʻʻni u boshqalarga va jamiyatga yordam berish mening manfaatlarimga xizmat qiladi", degan tamoyilga amal qiladi.

Zamonaviy Evropa jamiyati organik birdamlik tipiga misol boʻlsa, oʻzbek jamiyati mexanik birdamlikka misol boʻladi, lekin bu bilan mazkur tur oʻzbek jamiyatini toʻla aks ettiradi deyishdan yiroqmiz, zero bugungi millat oʻzaro uyuushishga asoso boʻluvchi na axloqiy va na umumiy, yakdil manfaatlarga ega emas.

Bugungi oʻzbek jamiyati axboriy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy jihatdan turli guruhlarga, firqalarga, "kult"larga, oqimlarga boʻlinib ketgan. Aslida boʻlinishning qandaydir zararli tomonlari yoʻq. Biroq buning uchun boʻlinishlarning markazini qandaydir gʻoya, milliy oʻzlik birlashtirib turishi kerak. Taassufki, bizga etishmayotgani millat sifatida jamiyat ichida birdamlik hissini uygʻotuvchi oʻziga xos milliy zehniyat. Dindor-dinsiz, konservat-liberal, gʻarb-Rossiya bahslari bunday birdamlik yuzaga kelishiga toʻsqinlik qilayotgan bir omil. Yana biri hukumatning oqsoq siyosati mahsuli oʻlaroq iqtisodiy beqarorlik hamda notenglik natijasida millat vakillarining dunyoqarashida moddiyatning ustunlik qilishi.

Maʻʻlum bir standard axloqsiz millatni "tarbiyali", axloqli va printsipli qilib boʻlmaydi. Buning uchun muvofiq siyosat yurgizilmogʻi — umuman saylovlarda, hukumat va davlat ishlarida, jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ijtimoiy munosabatlarda chinakam halollikka erishilmogʻi kerak. Gʻoyalar mushtarakligi, fikrlar umumiyligi, bir maqsad, bir yoʻl ostida birlashish kabi balandparvoz nutq va yoziqlardan naf yoʻq. Mashhur mutafakkir Ali Shariatiy taʻʻkidlaganidek, umumiy birlikka, birdamlikka erishish uchun avvalo jamiyat sifatli yoʻsinda toifalarga boʻlinib, oʻzaro ajralib olishi lozim. Tartibsizlik albatta bir kun kelib birlikka yoʻl ochadi.

Muyyan jamiyat, millat oʻzi istaganidek birlikka erishuvi uchun quyidagilar talab etiladi:

•             Haqiqiy birdamlik. Bu insonlarning bir biriga oʻzaro manfaat umumiyligi asosida emas, balki xayrixohlik, simpatiya, mehr-oqibat asosida koʻmak berishi, muomala va munosabatda boʻlishi.

•             Taʻʻlimiy va ilmiy birdamlik. Taʻʻlim va ilmiy birdamlik deganda shaxslar, jamoalar, jamiyat va davlat oʻrtasidagi umumiy majburiyat tushuniladi: barcha odamlarga taʻʻlim olish imkoniyatini berish, oʻquvchilarni bilimga intilishga undash va savodsizlik va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida birlashish.

•             Himoyaviy birdamlik. Jamiyatidagi har bir shaxs oʻz jamiyati, mamlakati va millatini himoya qilishga hissa qoʻshishi kerak.  Bundan tashqari, ular adolatsizlik va zulmga uchragan odamlarni himoya qilishi zarur.

•             Axloqiy birdamlik. Bu millatning qadriyatlari va axloqiy tamoyillarini himoya qilish, jamiyatni tartibsizlik, buzuqlik va tanazzuldan asrash majburiyat va huquqini bildiradi. Bu tuzatishdan koʻra oldini olish afzaldir, degan tushunchaga asoslanadi, yaʻʻni jamiyatning kichik bir qismi ham korruptsiya va buzuqlikka duchor boʻlib qolsa, soʻng bu buzuqlik va tanazzul tarqalib, butun jamiyatga taʻʻsir qilishi mumkin va natijada jamiyatni tuzatish va isloh qilish imkonsiz yoki eng kamida qiyin boʻlib qolishi mumkin.

•             Iqtisodiy birdamlik. Iqtisodiy birdamlik iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlik tamoyiliga asoslangan boʻlib, har bir inson xalq boyligini yoʻqolish va isrofdan saqlash va narxlarni manipulyatsiya qilish, bitimlardagi firibgarlik, monopoliya va zaiflikdan foydalanish kabi zararli tijorat va iqtisodiy faoliyatning oldini olish ustida hamkorlik qilishi zarur.

•             Ijtimoiy hamjihatlik. Bu turdagi birdamlik jamiyatda ustuvor ahamiyatga ega boʻlishi, davlat qonunlarida ham jamiyat kambagʻal, kasal va muhtojlarga gʻamxoʻrlik qilish yukini oʻz zimmasiga olishi uchun qonuniy belgilab qoʻyilishi kerak. Qurʻʻonda aytilganidek: "oʻzi yaxshi koʻrib turib molini qarindosh-urugʻlariga, etim-esirlarga, miskin-bechoralarga, yoʻlovchi-musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod qilish yoʻlida beradigan, namozni toʻkis ado qilib, zakotni beradigan kishi va ahdlashganlarida ahdlariga vafo qilguvchilar va xususan ogʻir-engil kunlarda va jangu jadal paytida sabr-toqat qilguvchilar yaxshi kishilardir" (Rohman surasi, 177-oyat)

•             Siyosiy hamjihatlik. Siyosiy birdamlik odamlarning siyosiy huquqlari himoya qilinishini va ularning siyosiy tartib va davlatni muvofiq boshqaruv tamoyillari asosida qurishda masʻʻuliyatni baham koʻrishini taʻʻminlaydi.

•             Jamoat birdamligi. Jamoat birdamligi oʻz masʻʻuliyati va vakolati ostida boʻlgan kishilarning umumiy manfaatini ifoda etish vakolatini nazarda tutadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, "hammangiz valiysiz va oʻz qoʻl ostingizdagilar uchun masʻʻulsiz. Hukmdor oʻz hukmi ostidagi uchun valiy va masʻʻuldir; Erkak oʻz oilasiga vasiydir; ayol erining uyida valiy boʻlib, uning qaramogʻidagilarga masʻʻuldir; xizmatkor Xoʻjayinining mol-mulkiga qoʻriqchi va uning vasiysi uchun masʻʻuldir. Bas, sizlar hammangiz valiysizlar va sizga tobe boʻlganlarga masʻʻulsizlar" (Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Savol tugʻiladi. Oʻzbek millatidagi yuqori birdamlik turlarining qaysilari bor-u, qaysilari yoʻq? Oʻzi umuman, nazariy jihatdan tasnif etilgan mazkur turlar haqiqiy, chinakam birdamlikka yoʻl ocha oladimi? Buning uchun bugungi voqelikka bir qur nigoh tashlash va tahlil qilish talab etilib, ijtimoiy soha vakillaridan chuqur ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo qiladi.

Hozirgi post-modern davrda ijtimoiy tarmoqlar jamiyat kayfiyati, ruhiyati va holatini aks ettiruvchi inʻʻikos boʻlib xizmat qilayotgan bir paytda, uni jamiyatni haqiqatdan harakatga keltiruvchi kuchli instrument — vosita deb hisoblash mumkin. Bu — birinchi vosita.

Ikkinchidan, baʻʻzi faollar bot bot taʻʻkidlab kelayotganidek, birlik uchun fikr maydonlarini bino etuvchi (vosita oʻlaroq) ijtimoiy klublar kerak bizga. Haqiqiy va sifatli fikr albatta oʻzaro fikriy hamjihatlikka va maqsadlar mushtarakligiga yoʻl ochib, bora bora kishilarni vaqt asnosida etilib boradigan gʻoya atrofida chambarchas bogʻlash, birlashtirish kuchiga ega.

Yana biri — yagona til vositasida jamlanish. Oʻzbek tiliga eʻʻtibor turli xil baland sahnlardan jamiyatning oʻrtasiga olib tushilishi, uni jamiyatning haqiqiy intilishlarini chinakam aks ettira oladigan, ifodalay oladigan kuchga ega ekanligini namoyon etish uchun xalq bir yoqadan bosh chiqarishi zarur. Mustamlakachilik tizginlaridan chiqib ketish oson kechmaydi. Bunga toʻgʻanoq boʻlib turgan omillar ustida yaxshilab ishlansa, ularning tashi emas, ichkarisi, mohiyati tahlil qilinib, oʻrganilsa, birdamlikning siyosiy koʻrinishini bir qadar qurish mumkin boʻladi. Bulardan ogohlik shakllangach, birdamlik muammosini hal etsa boʻlar, ehtimol.

Muhammad Dovud Asadulloh, Azon Global tahlilchisi

Mavzuga aloqador