01.01.2024 15:16

Oʻzbekistonning “Tolibon” bilan muvaffaqiyatli aloqalari Qozogʻistonga namuna boʻldi – Haqqin.az

 

Yaqinda Qozogʻiston “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar roʻyxatidan oʻchirgani haqida xabar bergan edik. Mazkur chora tobora ilib borayotgan Qozogʻiston-Afgʻoniston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ozarbayjonning Haqqin.az sayti ushbu qaror yuzasidan munosabat bildirar ekan, Qozogʻistonning “Tolibon” bilan yaqinlashuvida qaysidir maʻʻnoda Oʻzbekistonning bu boradagi “tajribasi”ga asoslanganiga urgʻu qaratib oʻtdi. Quyida munosabatni toʻliq holda eʻʻtiboringizga havola etamiz.

AQSh Afgʻonistonni tark etgach, uning atrofida vakuum paydo boʻldi. Xalqaro hamjamiyat butun dunyo uchun kutilmaganda hokimiyat tepasiga kelgan toliblar ushbu hokimiyatni tark etishi yoki agʻdarilishini kutishni afzal koʻrdi. Koʻrinishidan, ular kutganidek boʻlib chiqmadi.

Tolibon tashqi yordam qariyb toʻxtab qolgan sharoitida gumanitar falokat xavfini engib oʻtishga muvaffaq boʻldi. Ular oʻzlariga dushman boʻlgan ichki muxolifat faoliyatini qisman zararsizlantirishga muvaffaq boʻlishdi. Eng muhimi, toliblar afgʻonlarga oʻzlari uchun eng aziz va orzu qilingan narsani – tinchlikni berishga muvaffaq boʻlishdi. Chegaradan chiqishlar, gʻarb nazarida qingʻir-qiyshiq, xunuk boʻlsa ham tinch-xotirjam hayot oʻrnatildi.

Toliblarning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari murakkab qaror qabul qilishlariga toʻgʻri keldi: yo “progressiv xalqaro hamjamiyat”ning 2021 yil avgustidan soʻng Kobul qoʻlga olinishi bilan Afgʻoniston dunyo kun tartibidan yoʻqoldi va ijtimoiy va iqtisodiy muammolari bilan yolgʻiz oʻz holicha qolib ketdi, degan nuqtai nazarni qoʻllab-quvvatlash. Yoki qandaydir tarzda toliblar bilan munosabatlarni oʻrnatish, bu haqda kim va nima deb oʻylayotganiga eʻʻtibor qilmaslik.

Bu borada Afgʻoniston bilan 144 kilometrlik chegaraga ega Oʻzbekiston kashshof boʻldi. Uning toliblar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyishdagi muvaffaqiyatli tajribasi mintaqada toʻsatdan paydo boʻlgan bozor hajmini yuqori baholagan Qozogʻiston uchun namuna boʻldi. Ostona va Toshkent bu imkoniyatni ham toʻlaqonli baholashdi, ham qoʻldan boy berishmadi.

Afgʻoniston-Oʻzbekiston tovar ayirboshlash hajmi 2023 yil yakunlari boʻyicha 2 mlrd dollarga yaqinlashmoqda. Ostona va Kobul oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi esa 1 mlrd dollarga etdi.

Oʻzbekiston eksport salohiyatini oshirish uchun Termiz shahrida yillik savdo aylanmasi 500 mln dollarni tashkil etadigan xalqaro savdo markazini qurishni rejalashtirmoqda. Qozogʻiston esa Afgʻonistonda savdo uyini ochib, afgʻon tadbirkorlari bilan 200 mln dollarlik shartnomalar tuzdi. Ushbu kelishuvlar, jumladan, mintaqaviy savdo-iqtisodiy, telekommunikatsiya, transport-logistika aloqalarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻlini qurish boʻyicha imzolangan yoʻl xaritasini hisobga olgan holda Afgʻonistonning tranzit salohiyatidan foydalanishni ham.

Ostonaning toliblar bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bu harakatlari, qanchalik paradoksal koʻrinmasin, Markaziy Osiyoning Pokiston va Hindiston bilan imkon qadar faol savdo qilishini, Rossiya bilan esa kamroq savdo qilishini istaydigan Gʻarb tomonidan ham, Pekin tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Albatta, Ostona-Toshkent-Kobul uchburchagida barcha munosabatlar ham porloq rivojlanayotgani yoʻq. Ammo asosiysi, ular dinamik rivojlanmoqda. Toliblar hukumatini yakuniy tan olish haqida hozircha gap yoʻq, Qozogʻiston ham, Oʻzbekiston ham Pekin va qaysidir maʻʻnoda Moskvaning bu boradagi pozitsiyasini diqqat bilan kuzatib bormoqda, ammo bu boradagi barcha toʻsiqlarni bosqichma-bosqich olib tashlashmoqda. Nimadir sodir boʻlsa ham, birinchilardan boʻlishadi.

Zuhra Navroʻzova

Mavzuga aloqador