15.08.2025 07:14
132

Oʻzbekistondagi falastinliklarga ijtimoiy yordam paketi joriy etildi

Oʻzbekistondagi falastinliklarga ijtimoiy yordam paketi joriy etildi


️Oʻzbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga doimiy gʻamxoʻrlik va ijtimoiy koʻmak koʻrsatiladi. 

Prezident farmoni bilan, nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan davolanish muddatidan qatъi nazar nogironlikni belgilash choralari koʻriladi.

Ikki hafta muddatda mehmonlarga zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa (820 ming soʻm miqdorida) tayinlanishi taъminlanadi.

Bundan tashqari, har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal isteъmol xarajatlari (669 ming soʻm) miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi.

Mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili boʻyicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi. Ularga farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa (811 965 soʻm) hamda dafn etish uchun nafaqa toʻlovi (1 712 000 soʻm) Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi.

Shuningdek, mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami) xaridi uchun bir martalik koʻtarma pul qoʻshimcha ravishda toʻlab beriladi.

Falastinliklarning oila aъzolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual koʻmak koʻrsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini roʻyobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonga olib kelingan falastinliklarning farzandlari yashash joyi boʻyicha davlat bogʻcha va maktablariga navbatsiz joylashtirilib, ularning moslashuvi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatiladi. Qoʻshimcha taъlim xarajatlari 100% davlat hisobidan qoplanadi. Ulardan 2028 yil 1 yanvarigacha bogʻcha puli olinmaydi.

Mavzuga aloqador