26.03.2024 14:30

Oʻzbekistonda Umra ziyoratini tashkil qilish uchun alohida litsenziya joriy etiladi

Qonunchilik palatasi Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish boʻyicha qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi. Unga koʻra, ziyoratni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq faoliyat uchun litsenziya turi joriy etiladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari 26 mart kuni boʻlib oʻtgan majlisda Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish boʻyicha qonun loyihasini birinchi oʻqishda kontseptual jihatdan koʻrib chiqib, qabul qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz. Qonun loyihasi Umra ziyoratini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq faoliyat uchun litsenziya turini joriy etishni nazarda tutadi.

Litsenziyalovchi organ sifatida Din ishlari boʻyicha qoʻmitani belgilash rejalashtirilgan. Qonunchilik palatasi majlisida qonun loyihasi bilan fuqarolarning «Umra» ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish va ziyoratchilarning haq-huquqlarini taʻʻminlash maqsad qilingani taʻʻkidlandi.

Hujjat bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida»gi qonunga Umra tadbirini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha qoʻshimcha normalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati Umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagani ziyoratchilar huquqlarini toʻliq himoya qilish imkonini bermayotgani bilan izohlandi.

Eslatib oʻtamiz, 1 martgacha Umra ziyorati tashkil etish faoliyati turistik litsenziya orqali amalga oshirilardi. Prezidentning 9 yanvardagi farmoni bilan 2024 yil 1 martdan boshlab Turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya (turagentlik faoliyati) xabardor qilish tartibi bilan almashtirilgandi. Lekin farmonda Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish faoliyati bundan mustasno ekani qayd etilgandi.

2023 yil 8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan.

Qaror bilan Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq turistik faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilangandi. Shuningdek, Umra xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilgandi:

100 ming dollardan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;

Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlash;

Umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʻʻlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʻʻlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʻʻlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi;

Umra xizmatlarini voyaga etmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;

Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

Shuningdek, Umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator murojaati asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilgandi:

mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bogʻliq xizmati begʻaraz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sugʻurta, viza toʻlovlari va boshqalar) Umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;

mutaxassis turoperatorning soʻroviga koʻra Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;

1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.

Qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qoʻllana boshlagan hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim va litsenziya uchun davlat boji undirilmasligi belgilangan.

Mavzuga aloqador