Oʻzbekistonda SSSRni tiklash tarafdori boʻlgan fuqaroning ozodligi cheklandi
Samarqand sudi SSSRni tiklash tarafdori boʻlgan 74 yoshli fuqaroga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Ayblanuvchi sudda oʻz aybini tan olmagan, biroq suddan jazoni engillashtirishni soʻragan.
Samarqand
sudi SSSRni tiklash tarafdori boʻlgan 74 yoshli fuqaroga 3 yilga ozodlikni
cheklash jazosini tayinladi. U
Telegram-guruhida «Oʻzbekiston mustaqilligi
yuzaki ekani va sobiq Sovet Ittifoqi rasman tarqalmagani» haqidagi materiallar
joylashtirgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahri sudi Oʻzbekiston
konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan fuqaroga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar qildi
«Gazeta.uz» sud materiallariga
tayangan holda.
Ish materiallariga koʻra, fuqaro E.Xasanov 1979 yilda
Samarqand davlat universitetini tamomlab, Samarqand shahridagi 11-sonli kechki
maktabda ikki yil matematika fanidan dars bergan, soʻngra «Vatanparvar»
tashkilotida ishlab, 2011 yili nafaqaga chiqqan.
Sud qarorida keltirilishicha, u 2021 yilda rossiyalik Oleg
Turishkinning maʻʻruzalarini tinglashni boshlagan. Rossiya fuqarosi undan SSSR
fuqaroligidan chiqish boʻyicha ariza bilan murojaat qilganmisiz, deya soʻragan. Yoʻq,
degan javobni berganidan soʻng uni «Gos.reestr SSSR» nomli guruhga qoʻshib qoʻygan.
Oradan vaqt oʻtib Oleg Turishkin fuqaroga «SSSR fuqarosi» haqidagi guvohnomani
pochta orqali joʻnatgan.
E.X. YouTube`dagi Aleksey Ivanovich ismli odam bilan koʻrishgan, soʻngra 2023 yil 3
yanvarda Moskvaga borib, u erda Sovet Ittifoqini tiklash uchun tarafdorlarni
toʻplayotgan odamlar bilan uchrashgan. Ular ushbu davlat hali qonunan
tarqalmaganini, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15
davlatni qonuniy yoʻllar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytgan.
Sudlanuvchi oʻtgan yilning mart oyida «Uzbekskaya SSR/SSSR»
Telegram-guruhiga qoʻshilgan. U erda «Oʻzbekiston mustaqilligi yuzaki ekanligi,
hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet Ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga
kirgan 15 ta respublika AQSh yordamida oʻzboshimchalik bilan mustaqilligini eʻʻlon
qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qoʻshilishlari»
haqidagi materiallarni joylashtirgan.
Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi
xulosasiga koʻra, uning materiallarida Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini
konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirish, buzishga ochiqdan-ochiq daʻʻvat qiluvchi gʻoyalar mavjud.
Shuningdek, u Telegram`dagi guruhga Samarqand viloyati boʻyicha
«VKPb» sekretari hisoboti sifatida «V vsesoyuznaya Kommunisticheskaya partiya
Bolʻshevikov goroda Samarkanda»
nomli maqola joylashtirgan.
Ayblanuvchi sudda oʻz aybini tan olmagan, biroq suddan jazoni
engillashtirishni soʻragan.
Sud E.X.ni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi
(Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda
oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki
tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi
hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʻʻvat
qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash,
saqlash yoki tarqatish) bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 3 yil muddatga
ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, unga soat 22:00 dan 6:00 gacha xonadondan
chiqishi, nazorat organining ruxsatisiz yashash joyini oʻzgartirishi, Samarqand
viloyati hududidan tashqariga chiqishi, internet tarmogʻidan foydalanishi taqiqlandi.