29.04.2024 17:02

Oʻzbekistonda qimorga ruxsat berilganini jamoatchilik qanday qarshi oldi?

Prezident farmoni bilan Oʻzbekistonda 2025 yil yanvardan internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni (onlayn qimor – tahr.) tashkil etish va oʻtkazish, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Jamoatchilik mazkur qarorni qanday qabul qildi? Azon Global ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ushbu qarorga munosabatini oʻrgandi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 aprelʻ kuni «Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga koʻra, 2025 yil 1 yanvardan internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni (onlayn qimor – tahr.) tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mazkur qarorni mavjud taqiqlar amalda ishlamayotgani, mamlakatdan yiliga 350 million – 1 milliard dollar mablagʻ chiqib ketayotgani bilan izohladi.

Qaror jamoatchilik tomonidan qanday qabul qilindi? Azon Global ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ushbu qarorga munosabatini oʻrgandi.

Qimor ahkomlari

Qimor - yutish va yutqazish oʻrtasida qoladigan oʻyindir. Uning yomonligi birovlarning haqqi norozi boʻlgan holda boshqalarga oʻtib ketishida.

Ulamolar qimorning hamma turi harom ekaniga ittifoq qilishgan. Alloh taolo aytadi:

"Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) choʻplar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda boʻling. Shoyadki, najot topsangiz" ("Moida" surasi, 90-oyat).

Qimorning harom boʻlishi hikmatini Alloh quyidagicha bayon qiladi:

"Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon koʻrishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan toʻsishni xohlaydi. Endi toʻxtarsizlar?!" (Alloh taolo bu ikki narsani–xamr va qimorni «ifloslik va shaytonning ishi», deb atamoqda. Alloh Oʻz bandalariga mehribon boʻlgani uchun ularni ifloslik va shaytonning ishidan qaytaradi. Nopok taomlarni zararli boʻlgani uchun harom qilganidek, iflos ishlarni ham bandalariga zararli boʻlgani uchun harom qiladi). ("Moida" surasi, 91-oyat).

Qimorboz topgan mablagʻ harom va iflos kirimdir. Haromdan mol topgan kishi tezroq uni zimmasidan soqit qilishi kerak. Bu yo molni egasiga qaytarish bilan yoki u topilmasa, kambagʻalga berish bilan boʻladi.

Jumhur fuqaho hukmiga koʻra qimorboz-yashirmay gunoh qiluvchi fosiqlarga salom berish makruhdir.

Qimor oʻynash gunohi kabira boʻlgani uchun qimorbozning shahodati qabul qilinmaydi. Garchi bir marta oʻynagan boʻlsa ham.

Rahbarlar gunoh ishlarni man etishi lozim, jumladan qimorni ham. Qimorboz ekani isbotlanganlarni albatta jazolashi kerak.

Nashrga tayyorlanayotgan "Katta fiqh entsiklopediyasi"dan qisqartirib olindi.

Ustoz Mubashshir Ahmad

Oʻyinchilarni qarzga va jinoyatga undaydi

Qozogʻistonda qimor oʻyinlarining yillik aylanmasi 1 trillion tenge (2,2 mlrd dollar) dan oshadi. Norasmiy maʻʻlumotlarga koʻra, muntazam ravishda qimor oʻyinlari bilan shugʻullanadiganlar soni uch yuz mingdan 1 million kishigacha boʻlib, ularning katta qismini maktab oʻquvchilari va yoshlar tashkil qiladi.

Qimmatga tushadigan ushbu faoliyat har jihatdan oʻyinchilarni qarzga va jinoyatga undaydi.

Qozogʻiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maʻʻlumotlariga koʻra, jinoiy ishlarning 20 foizi yoki 31 mingtasi qimor oʻyinlari bilan bogʻliq.

Bu vaqt ichida 3676 ta oʻz joniga qasd qilish sodir boʻlgan, har beshinchi oʻlim qimor oʻyinlari va u bilan bogʻliq qarzlar tufayli sodir boʻlgan.

Ayni paytda Qozogʻistonda qimor oʻyinlari mutlaqo qonuniy, bukmekerlik idorasi mamlakatdagi eng yirik reklama beruvchi boʻlib, ayrim deputatlar va jamiyatning faoliyat va reklamani cheklashga boʻlgan barcha urinishlari kuchli qarshilikka uchrayapti.

Bizni bundan battari kutyapti. Qoʻzogʻistonda 20 mln aholi. Oʻzbekistonda - 37.

TROLL UZ

Azartga qarshi gen yoʻq

Kelasi yildan qimorga zapret qisman olinar ekan. Qimor hamma yomon ishlarni bir joyga jamlagan kompleks tadbir boʻlsa kerak. Yolgʻon, ichkilik, faxsh, hattoki oʻlimgacha olib boradi.

Qimordan habari borlar bilishadi, yaqingacha ham qimorbozlar oʻta haddidan oshishgan edi. Karim choʻloq degani boʻlgan. Aytishlaricha, bor-budini yutqazib, yana qimordan qaytarib olgan. Ota uyni yutqazdim, boʻshatamiz deganda, adasining yuragi koʻtara olmay oʻlgan deyishardi.

Hattoki xotinlarini oʻyinga aralashtirib, xotinni yutqazsa, birga tunni oʻtkazish huquqini ham yutib olishardi. Oʻrtaga tashlanib, shakarguftonlik qilinardi, Inson, ayol qadri toptalardi. Qarzini toʻlay olmaganlarni qolganlarga saboq boʻlishi uchun oʻldirib yuborishar edi.

“Changak”, “Toychoq”, “Oʻyin” filʻmlarida juda zoʻr yoritib berilgan.

Eng yomoni, azartga odamlar moyil boʻlib, azartga qarshi gen yoʻqligida, odam azartdan oʻzini toʻxtata olmas ekan. Faqatgina tarbiya bilan mumkin emas degan bilan toʻxtatib qolish mumkin ekan.

Qadriyatiga mustahkam oilalarga birmuncha oson boʻladi. Yaxshi emas, qoʻy deyishib, oq qorani ajratib olish mumkindur.

Lekin din va qadriyatlardan uzoq qatlamga ogʻir keladi. Chunki ota-ona, jamiyatning nasihatlari taʻʻsir qilmaydi, gunoh desangiz, mullalik qilmang deyishadi. Qadriyatlarni tan olinmaydi. Jamiyat ham, oila ham saqlab qola olmaydi.

"Yo Jamshid, yasha qimor"larning kuni tugʻadi.

Yaqinlaringizni asrang, keyin kech boʻlmasin.

Hojiakbar Rajab

***

Onlayn qimor minglab yurtdoshlarimiz xonavayron qildi!

Minglab oilalarni barbod qildi!

Oʻzini osganlar!

Rossiyaga qarz boʻlib qochib ketganlar boʻldi, boʻlmoqda!

Uysiz koʻchada qolganlar boʻldi!

Oilasi bilan ajrashganlar boʻldi shu balo tufayli..!

Davlat xizmatchilari orasida qanchasi...

Eh!!!!!

Dima Qayum

***

Butun boyligi, uy-joyi, hatto xotinini qimorga tikkanlarni koʻrdik.

Davlat va xalq pulini qimorga tikib yuborgan bankirlarni koʻrdik.

Bor-budini qimorga tikib, ustiga ustak katta qarzga botib, soʻng joniga qasd qilganlarni koʻrdik.

Qimor sababli hayoti barbod boʻlganlarni, oilasi, mansabi, obroʻsidan mahrum boʻlganlarni koʻrdik.

Qoʻrqamanki, dovga Vatanni, konlarimizni, katta-katta zavodlarimizni, xalqimizning erki, nomusi va shaʻʻnini tikib yuborishmasin!

Qimordan faqat oʻynatganlar yutgan, oʻynaganlar emas! Ruxsat berganlar, ruxsat berdirganlar ham aynan oʻshalar – qimor oʻynatadiganlar!

Sanjar Said

***

Videoda (video) borini qimorda yutqazgan Nigeriyaliklar qimorxonada tunashyapti.

Nigeriyada 60 million (32% aholi) inson qimor oʻynaydi. Asosan 24-40 yosh orasidagi erkaklar.

Nigeriyadagi yuqori inflyatsiya va ishsizlik tufayli koʻpchilik qimor oʻynash yoʻlini tanlar ekan.

Qimor oʻyinlaridan keladigan ruhiy tushkunlik sabab, Nigeriyada giyohvandlik jiddiy muammoga aylangan.

Nigeriyada Qimor tufayli ajrashishlar karrasiga oshgan, uylanish yoshi kattalashgan.

Nigeriya hukumati qimordan 1?5 milliard dollar foyda qiladi, lekin odamlar yiliga 10 minglab dollar miqdorida yutqazadi, hatto 300 dollar yutqazgani uchun oʻzini oʻldirgan keyslar ham koʻp ekan.

Byudjetda tushadigan bir necha milliard deb xalqni hayotini izdan chiqarish kerak emas.

Habibjon Homidov

Qimor sababli boʻlasini sajdada qatl qildi...

Bu – mening jiyanim Maʻʻrufjon. Hozir u yoʻq. Uni 13 joyidan peshin namozida sajdada holatida pichoqlab, qatl qilishdi. 10-sinf edi rahmatlik. Ajoyib, kamtar, mehribon jiyanim ammamni yolgiz oʻgʻli edi. Qotil ham begona emas – katta ammamni bitta oʻgʻli.

Bozorda savdogar. XBet qimor oʻynab, 5 ming dollar qarzga kiradi. Maʻʻrufjonning onasi – holasida pul borligini bilib, uyiga kiradi. Maʻʻrufjon bilan peshinga [namozga]turib, sajdada turgan bolani pichoqlab, qatl qiladi uydan pulni olish uchun. Maʻʻrufjonning kuchi etmagan. Xullas, tez yordamda joni uzildi. Onasi bn xayrlashib qolgan, xolos. Barcha qarindoshlar, ammam haligacha [chuqur qaygʻuda]. Qalbimizda chuqur jarohat qolib ketdi. Bir onaning umidlari parcha-parcha boʻldi. Ikkinchi ammam farzandidan 21 yilga ajraldi. Yurtimizda bunaqa qimordan zulm koʻrgan oilalar juda koʻp.

Sanjar Khidirov

Qarz tufayli suiqasd

Bir necha oy avval boʻlgan voqea. Ayamga qoʻngʻiroq qilib hol-ahvol soʻradim:

- Oʻziz yaxshimisiz, charchamayapsizmi? Nima gaplar?

- Bugun qishloqdan ikkita janoza chiqdi. Taʻʻziyaga borib kelib charchaaab oʻtiribmanda.

- Inna lillaah, kim oʻtdi?

- Ikkita yosh. Biri xolaposhshangga qoʻshni falonchi, araq ichib oʻzini bilmay yotib qopti, kamaz bosib ketib oʻlibdi. Ikkinchisi falonchining oʻgʻli, medinstitutda 3-kursda oʻqirkan. Qimor bor ekanku telefonda, shuni oʻynab yutqizib qoʻyibdi. Kecha Samarqanddan uyga kelib, ogʻilga kirib oʻzini osibdi. Onaginasi kuyib oʻtiribdi. 23 yosh ekan...

- "Alloh rahmat qilsin", deyishni ham bilmay qoldim, janoza oʻqildimi?...

Suhbatimiz uzoq choʻzildi. Yodimdan esa shu oyat ketmadi:

"Ey moʻminlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (oʻynash), butlar (yaʻʻni, ularga sigʻinish) va choʻplar (yaʻʻni, choʻplar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan boʻlgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning har biridan uzoq boʻlingiz! Ichkilik, qimor sababli shayton oʻrtalaringizga bugʻzu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz oʻqishdan toʻsishni istaydi, xolos! Endi toʻxtarsizlar!" («Moida» surasi, 90-91-oyatlar)

Inson Robbining kalomiga, unga itoat etib yashashga va bu orqali oʻz-oʻzini himoya va izolyatsiya qilishga, joniga Allohdan boshqaning rahmi kelmasligini anglashga naqadar muhtoj!

Alloh taolo oxirimizni baxayr qilsin.

Shayton amalidan boʻlgan rijs - iflos narsalar bilan yoshlarning juvonmarg boʻlib ketishiga sabab boʻlayotganlarga Oʻzi kifoya qilsin.

(Quyida qimorning xudkushlikka olib borishi haqida statistika.)

Robiyaxon Najmiddinova

Qimordan asosan yoshlar jabr chekadi

2018 yil edi. Bir tanishim oʻz ishini rivojlantirish uchun pul soʻradi. Qandaydir yangi loyiha emas, yurib turgan ishiga mablagʻ etkaza olmayotgani, xaridor tayyor ekani, birinchi oydanoq foyda keltirishiga ishontirib pul oldi.

Qoʻlida hunari bor, ishi yurib turgani uchun va anchadan beri bilganim uchun ishondim.

Aytganidek, birinchi oydayoq foydadan ulush olib keldi. Ikkinchi oy ham takrorlandi.

Hammasi uchinchi oydan boshlandi.

Bedarak boʻlib qoldi. Telefonlar oʻchdi. Uyga kelmaydi. Nom-nishonsiz edi.

Eskidan bilganim uchun hotirjam edim. Bir kun aloqaga chiqib, yana ham kattaroq mahsulotga buyurtma olganini vaj qilib, yana pul soʻradi.

Endigi gaplari shubxali edi. Koʻp gapirganidan yolgʻonlari ham koʻp edi. Ovozidan oʻziga boʻlgan ishonchi ham qolmagandi.

Eski kelishuv oʻz kuchida ekanligini takidladi va suhbatni bitirdik.

Keyinchalik, qarindoshlari aytishicha, qimor ishiga aralashib qolibdi. Oʻzi bilan ham bogʻlandim, avvaliga tan olmadi, keyin yaqinlaridan eshitganimni bilib, tan oldi. Qarz miqdori kattalashib ketganini, avvalgi omatsizlikdan chiqish uchun yana qimordan najot izlaganini takidladi. Juda afsusda ekanligi bilinib turardi.

Mana, oradan 6 yil oʻtibdiki hamon oʻnglanmadi, oʻzini oʻnglay olmadi. Bisotidagilarni sotdi, shunda ham boshidagi balo arimadi.

Qimor mana-man deganning ham belini sindiradi. Har holda oʻzini tiya olmaganlarni qonun jilovlab turgan edi.

Endi bu kabi oʻyinlarga qonunda rasman ruxsat berilishi koʻpchilikni juvormag qivoradi, asosan yoshlar jabr chekadi, oʻgʻirliklar kõpayadi, oʻz joniga qasd qilishlar boshlanib ketadi.

Sherzod Sharif

Jamiyat qoralashi kerak

Qimor aroq yoki tamakiga oʻxshagan narsamas, undan yomonroq, narkotik modda kabi narsa deb oʻylayman. Legal boʻlishini uncha qoʻllab quvvatlamayman. Qonun ruxsat bersa ham jamiyat tomonidan koʻproq qoralanishi kerak. Normal narsaga aylanishi kerakmas.

Aroqni kayfi qisqa muddat boʻladi. “Azartnyy” oʻyinning kayfi, xumori narkotik bilan bellashadi. Uzoq va davomli kechadi. Aqlli odam ham qimor oʻynab domiga tushsa, chiqib ketishiga ancha muddat kerak boʻladi.

Jamshid @quloqsiz_bola