02.05.2025 08:35
351

Oʻzbekistonda nogironligi bor bolalar uchun imtiyozli taksi xizmati yoʻlga qoʻyildi

Toshkent, Samarqand va Andijon shaharlarida nogironligi bor bolalarni maktabga olib borish uchun imtiyozli taksi xizmati sinov tarzida yoʻlga qoʻyildi. Loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) va Yandex Uzbekistan hamkorligida amalga oshirilmoqda.


Gazeta.uz’ning maъlum qilishicha, taksi xizmati maxsus maktab va maktab-internatlarda tahsil olayotgan bolalar uchun moʻljallangan. Bu uchun davlat oyiga 450 ming soʻmgacha transport xarajatlarini qoplab beradi. Kompensatsiya hajmi belgilangan imtiyozlarga qarab sayohat narxining 60 yoki 100 foizini tashkil qilishi mumkin.


Buyurtmalar Yandex Go ilovasi orqali “Komfort” tarifi asosida amalga oshiriladi. Ilovada nogironlar aravachasidagi foydalanuvchilar uchun maxsus belgi, haydovchidan yordam soʻrash imkoniyati ham mavjud, deyiladi nashr xabarida. 


Kompaniyaning maъlum qilishicha, Yandex Go bu xizmatdan daromad olmaydi, davlat mablagʻlari toʻgʻridan-toʻgʻri haydovchilarga toʻlanadi. Loyihada esa koʻrish, harakat va aqliy imkoniyatlari cheklangan bolalargina ishtirok etadi.


Mazkur tashabbus 2024 yil noyabrida Toshkent shahrida ishga tushirilgan “Ijtimoiy taksi” loyihasining davomi hisoblanadi.

Mavzuga aloqador