13.02.2025 15:00
201
Oʻzbekistonda mahkumlar 1 ta kitob oʻqib, jazo muddatini 3 kunga qisqartirishi mumkin
Oʻzbekistonda mahkumlarga jazo muddatini qisqartirish uchun yangi imkoniyat yaratilmoqda. Yangi qonun loyihasiga koʻra, 1 ta kitob oʻqib, unga oid imtihondan oʻtgan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqaradi.
Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda maъqullangan ushbu tashabbus mahkumlarni axloqan tuzatish, ularning jamiyatga moslashuvini osonlashtirish va shaxsiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Yangi qonunga muvofiq, mahkumlar maxsus tasdiqlangan roʻyxatdagi kitoblarni oʻqib, belgilangan tartibda imtihon topshirishi lozim. Agar imtihondan muvaffaqiyatli oʻtsa, jazo muddatidan 3 kun hisobdan chiqariladi. Shuningdek, mahkumning bu faoliyati shartli ozodlikka chiqish yoki jazoni engilrogʻiga almashtirish masalasida ham inobatga olinishi mumkin.
Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga yangi 74−1-modda, Jinoyat-protsessual kodeksiga 536−1-modda, Jinoyat-ijroiya kodeksiga esa 80−1-modda kiritilishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi hali toʻliq qabul qilinmagan boʻlib, uning keyingi oʻqishlarda muhokama qilinishi kutilmoqda.