23.08.2025 12:34
278
Oʻzbekistonda 3 ta yirik oltin koni sotildi. Xaridorlar orasida Xitoy fuqarosi ulushdor boʻlgan firma ham bor
Navoiy va Toshkent viloyatlarida joylashgan “Temirchi”, “Terekli” va “Pirali” oltin konlari auktsion orqali sotildi. Ularning umumiy qiymati 20 million AQSh dollaridan oshadi.
“Temirchi” konida taxminan 6 tonna oltin zaxirasi bor. Uning narxi 4 milliard soʻmdan 67 milliard soʻmgacha koʻtarilib, “Zauris” masъuliyati cheklangan jamiyatiga sotildi.
“Terekli” konida 2 tonna zaxira mavjud. Uning bahosi qariyb 20 barobar oshib, 81 milliard soʻmga etdi. Savdoda “Toyloq Toza Hudud” masъuliyati cheklangan jamiyati gʻolib boʻldi.
Eng yirigi - “Pirali” koni. 2,4 tonna oltin zaxirasiga ega bu maydon qariyb 24 soatlik savdoda boshlangʻich qiymatidan 24 barobar qimmatga, “En-Bi-Key 111” masъuliyati cheklangan jamiyatiga topshirildi. Uning 40 foiz ulushi Xitoy fuqarosi Chjan Tsyanga tegishli.
Investorlar 3 yil davomida ushbu maydonlarda oltin qidirish huquqiga ega. Qazib olingan barcha metallar davlat qabul kassalariga topshirilishi shart.