27.06.2024 14:07
Oʻzbekiston va Ummon diplomatik pasport egalarini vizadan ozod qilishga kelishib oldi
Oʻzbekiston va Ummon oʻrtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov xabar berdi.
Unga koʻra, Saidov Ummon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy bilan uchrashgan.
"Oʻzbekiston va Ummon boy tarixiy va madaniy meros bilan bogʻlangan, farovon taraqqiyot yoʻlida mushtarak qarashlarga ega. Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorligimizni yanada boyitish yoʻlida ustuvor yoʻnalishlarni, jumladan, savdo va iqtisodiyot, “yashil” energetika, oʻzaro bogʻliqlik, kadrlar salohiyatini oshirish, xalq diplomatiyasini ilgari surish masalalari hamda mintaqaviy va global kun tartibini muhokama qildik", – deb yozgan vazir.
TIV rahbari diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganini ham qoʻshimcha qilgan.