23.08.2024 13:18

Oʻzbekiston va Ozarbayjon ittifoqchiga aylandi

Oʻzbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi. Shuningdek,                 

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Koʻksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini oʻtkazdi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlat rahbari Ozarbayjon prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida taʻʻkidladi.

“Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga koʻtarishga muvaffaq boʻldik”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Shuningdek, koʻp qirrali hamkorlikni ilgari surish va uni aniq mazmun bilan boyitishning samarali mexanizmiga aylanishi lozim boʻlgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Bugun biz rasman ittifoqchilarga aylandik. Bu aslida, qoʻshilaman, tarixiy lahza. Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma ikki davlat imzolashi mumkin boʻlgan eng yuqori xalqaro hujjatdir. Bugun esa Toshkentda munosabatlarimizning yangi, hatto bobini ham emas, kitobini yozyapmiz. Bugun ikki qardosh xalq, ikki mustaqil, qudratli, suveren, rasman ittifoqchilarga aylandi. Bu keyingi barcha yillardagi munosabatlarimizni va koʻp jihatdan mintaqaviy siyosatimizni belgilab beradigan yirik tashqi siyosiy qadamdir”, – dedi Ozarbayjon rahbari.

Tashrif doirasida prezidentlarning ikki mamlakat etakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtadi va yangi kooperatsiya loyihalariga start beriladi.

Bundan tashqari, kelgusi yilni Oʻzbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb eʻʻlon qilish va 20 ta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga oʻtish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Kuni kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi: umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu energetika, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalaridir.

Shu maʻʻnoda, Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash vositasi sifatida samarali ish olib borayotgani qayd etildi.

Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan koʻp tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, er usti va havo transporti boʻyicha tartib-taomillarni imkon qadar engillashtirish, raqamli echimlarni joriy etishga kelishib oldilar.

Hududlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. 2025 yilga moʻljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qoʻqon shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari madaniyat va sanʻʻat, taʻʻlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar va axborot siyosati, sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Oʻzbekiston prezidenti ikki mamlakat etakchi universitetlari rektorlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma media forumini oʻtkazish taklifini bildirdi.

Oʻzaro sayyohlar oqimini, gumanitar va biznes almashinuvlarni koʻpaytirish maqsadida poytaxtlarimizda turizm va ishbilarmonlik majmualarini qurish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, hamkorlik salohiyatini chuqur tahlil qilish va yuzaga chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʻʻkidlandi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Yigʻilish yakunida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha "yoʻl xaritasi"ni qabul qilishga qaror qilindi.

Imzolangan hujjatlar

Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi qarorini qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

- Mehnat faoliyati va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

- Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2025-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

- Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi;

- Maktabgacha taʻʻlim, kasb-hunar taʻʻlimi, oʻrta maxsus, oliy taʻʻlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnomalar;

- 2024-2026 yillarga moʻljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha "yoʻl xaritasi";

- 2024-2026 yillarga moʻljallangan turizm sohasidagi harakatlar rejasi;

- Oʻzbekiston Adliya vazirligi va Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi oʻrtasida 2024-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

- Oʻzbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Ozarbayjon Adliya vazirligi Adliya akademiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

- Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Sud ekspertizasi markazlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma.

Tashrif doirasida Toshkent va Boku, Shahrisabz va Baylagan, Jizzax va Guba shaharlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar va boshqa ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Mavzuga aloqador