Oʻzbekiston taъlim tizimi uchun Islom taraqqiyot banki 40 million dollar ajratadi
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida oʻtkazilayotgan “Human Capability Initiative 2025” xalqaro forumi doirasida Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taъlimi vazirligi hamda Islom taraqqiyot banki (ITB) oʻrtasida 40 million dollarlik grant shartnomasi imzolandi. Bu haqda vazir Hilola Umarova maъlum qildi.
Ushbu loyiha orqali respublika boʻylab 58 ta yangi inklyuziv maktab qurish, maktablarni zamonaviy jihozlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish, inklyuziv taъlimni rivojlantirish va oʻquv dasturlarini takomillashtirish koʻzda tutilgan.
Forumda, shuningdek, Global Partnership for Education (GPE) koʻmagida yana bir grant shartnomasi imzolandi. Unga koʻra, ITB prezidenti Muhammad al-Jassar Oʻzbekistonni kelajak avlod uchun sifatli taъlim imkoniyatlari yaratishda ishonchli hamkor sifatida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur forumda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ishtirok etgan yagona davlat boʻldi. Yirik tadbir doirasida taъlim, iqtisodiyot va texnologiya sohalarida global muammolar hamda ularni hal etish yoʻllari muhokama qilinmoqda.