va Tojikiston prezidentlari Dushanbeda nimalar toʻgʻrisida kelishib oldi?

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 18-19 aprelʻ kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Shavkat Mirziyoev tashrif davomida Emomali Rahmon tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar oʻtkazdi, shuningdek, Tojikiston Parlamenti quyi palatasi raisi Mahmadtoir Zokirzoda va bosh vazir Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Tashrifning qisqacha tafsiloti.

18 aprelʻ

Tojikistonga davlat tashrifi bilan kelgan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni poytaxt aeroportida prezident Emomali Rahmon kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi. Oʻzbekiston prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.

Dushanbedagi “Qasri Millat” qarorgohida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni rasmiy kutib olishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻldi.

Marosimdan soʻng ushbu qarorgohda Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Etakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini taʻʻminlash borasidagi saʻʻy-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

Muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va oʻzaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar.

Umuman, tashrif davomida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat, jumladan:

– Sanoat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Fanlar akademiyalari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari, xalqaro avtomobilʻ va aviatsiya qatnovlari toʻgʻrisidagi bitimlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida bayonnomalar;

– Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Raqobatni rivojlantirish va isteʻʻmolchilar huquqlarini himoya qilish idoralari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik, agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari;

– Andijon, Namangan, Sirdaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Soʻgʻd viloyati, Qashqadaryo viloyati va Xatlon viloyati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar va 2024-2026 yillarga moʻljallangan “yoʻl xarita”lari hamda boshqa hujjatlar imzolandi.

Muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

- Yana bir bor taʻʻkidlayman, Tojikiston Oʻzbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar oʻzbek va tojik xalqlari koʻp asrlik doʻstlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlangan. Bizni umumiy tarix, madaniy va maʻʻnaviy qadriyatlar, anʻʻana va urf-odatlar birlashtirib turadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentlarning farmonlari bilan yuksak faxriy unvonlarga sazovor boʻlgan ikki mamlakat madaniyat va sanʻʻat arboblaridan bir guruhini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Doʻstizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televidenie va radio qoʻmitasining F.Shaxobov nomidagi "Shoshmaqom" ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon Gʻafurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari Toʻlqin Tojiboev, A.Joʻraev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi "Falak" ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov "Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvoniga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston milliy musiqa sanʻʻati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Munojatxon Yoʻlchieva, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi "Lazgi" ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Ogʻabek Sobirov va xonanda Yulduz Usmanovaga "Tojikiston xalq hofizi" faxriy unvoni, Oʻzbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Saʻʻdievga "Tojikiston xalq artisti" faxriy unvoni berildi.

Davlat rahbarlari faxriy unvonlar nishonlarini oʻz sohiblariga tantanali ravishda topshirdilar.

Dushanbe shahridagi “Koʻhi Borbad” sanʻʻat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʻʻat ustalari ishtirokida “Doʻstlik oqshomi” boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kontsertni birgalikda tomosha qildilar.

19 aprelʻ

Shavkat Mirziyoev 19 aprelʻ kuni Tojikiston Oliy Majlisi Namoyandagon majlisi raisi Mahmadtoir Zokirzoda bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Parlamentlararo almashinuvni yanada faollashtirish, kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar dasturlarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish uchun sohaviy qoʻmitalar va hududiy kengashlar darajasida samarali aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qabul qilingan hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish hamda oliy darajadagi kelishuvlarning oʻz vaqtida roʻyobga chiqarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda ikki mamlakat deputatlarining muhim roli qayd etildi.

Shavkat Mirziyoev Dushanbeda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Uchrashuvda erishilgan barcha kelishuvlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan soʻzsiz amalga oshirilishini taʻʻminlash uchun “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va bosh vazirlarning uchrashuvlarini tizimli ravishda tashkil etib borish zarurligi taʻʻkidlandi.

Dushanbe shahrida Oʻzbekistonning Tojikistondagi elchixonasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentlar elchixona binosida diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Ikki davlat prezidentlari Dushanbe shahridagi EXPO markazidagi Oʻzbekiston tovarlari va mahsulotlari koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.

Tojikistonda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston sanoat mahsulotlari milliy koʻrgazmasida 200 ta ishlab chiqarish va savdo korxonasi mashinasozlik, kimyo, engil, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoatiga oid 1500 dan ortiq mahsulot namunalarini, shuningdek, qurilish materiallari, parfyumeriya, uy-roʻzgʻor buyumlari, 60 turdagi uskunalar, matbaa va maishiy elektronika mahsulotlarini namoyish etdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi.

Dushanbe xalqaro aeroportida davlat rahbarini prezident Emomali Rahmon kuzatib qoʻydi. Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkentga qaytib keldi.

Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oxirgi yillarda 40 barobar oʻsdi.

Qoʻshma korxonalar soni 15 barobar koʻpaydi. Ayni paytda ikki davlat hududida 400 dan ziyod oʻzbek-tojik qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 2 milliard dollarga etkaziladi.

“Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazi tashkil etiladi.

Ikki davlat shaharlari oʻrtasida yangi aviaqatnovlar ochiladi, poytaxtlar oʻrtasidagi parvozlar soni oshiriladi.

Mavzuga aloqador